Qashqadaryoda elektr ta’minotini yaxshilashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda
Qashqadaryo viloyatida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, tarmoqlardagi texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish hamda mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda 816 ming 679 nafar elektr energiyasi iste’molchisiga 204 ta podstansiya, 32,3 ming kilometr elektr uzatish tarmog‘i va qariyb 12 ming dona transformator orqali xizmat ko‘rsatilmoqda. Iste’molchilar sonining yil sayin ortishi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va quvvatlarni kengaytirishni muhim vazifaga aylantirmoqda.



Shu maqsadda 2026-yil uchun bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida yuzlab kilometr elektr uzatish tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, transformator punktlarini yangilash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” dasturi hamda og‘ir toifadagi mahallalarni qo‘llab-quvvatlash choralari doirasida yangi transformatorlar va elektr tarmoqlarini barpo etish rejalashtirilgan.


Prezidentning Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qarori asosida ham elektr ta’minotini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, minglab kilometr elektr tarmoqlari va yuzlab transformatorlarda mukammal ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan.


Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida 355 ta mahalladagi 260 mingdan ortiq aholi xonadonlarining elektr ta’minoti yaxshilanishi, tarmoqlardagi texnologik yo‘qotishlar esa sezilarli darajada kamayishi kutilmoqda.
Yil boshidan buyon ham bir qator amaliy ishlar bajarildi. Jumladan, 1666,9 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 571 ta transformatorda mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, qator investitsiya loyihalari doirasida yuzlab kilometr yangi tarmoqlar qurilib, transformatorlar modernizatsiya qilindi. Tarmoqlarning ishonchli faoliyatini ta’minlash maqsadida minglab tashkiliy-texnik tadbirlar bajarildi.


Energiya samaradorligini oshirish borasida ham ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, 664 ta ob’ektga umumiy quvvati 29,3 ming kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi. Bu esa elektr energiyasi iste’molini qisqartirish va muqobil energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Olib borilgan ishlar natijasida hozirning o‘zidayoq 115 ta mahallada yashovchi 55 mingdan ziyod aholi xonadonlarining elektr ta’minoti sifati yaxshilangan.

Murojaatlar bilan ishlash ham doimiy e’tibor markazida. Xususan, Qarshi shahridagi Chulquvar va Otchopar mahallalarida aholi murojaatlari asosida elektr tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Yangi transformatorlar o‘rnatildi, kabel tarmoqlari tortildi, eski ustunlar yangilandi hamda zamonaviy SIP kabellari bilan ta’minlash ishlari bajarildi.
Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi axborot xizmati rahbari Bahriddin Esonovning ta’kidlashicha, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va aholini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Ayniqsa, aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rganish va ularga tezkor yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa hududlarda elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz faoliyat yuritishi hamda aholi turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri