Qashqadaryoda dolzarb 30 kun tadbirlari
Qashqadaryo viloyati hududida o‘tkazilayotgan “Dolzarb-30 kun” tadbiriga jami 684 nafar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va taalluqli vazirlik va idoralar vakillari jalb etilgan.
Olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida 133 davlat tasarrufidagi ob’ektlarning yong‘inga qarshi holati tekshiruvdan o‘tkazildi. 142 tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli bo‘lgan ob’ektlarda yong‘in-profilaktika ko‘riklari o‘tkazildi. Tekshiruv va ko‘riklar davomida 2200 yong‘inga qarshi kamchiliklar aniqlanib, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 85 foizi bartaraf etildi.
Ob’ektlarda yong‘in xavfsizligi qoidalari talablariga rioya qilish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida 259 marotaba 7113 nafar ishchi-xizmatchilarga yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berilib, profilaktik suhbat o‘tkazildi. Shu bilan birga, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan yoki davlat yong‘in nazorati organlarining yozma ko‘rsatmalarini bajarmayotgan 92 nafar rahbar, javobgar shaxs va fuqarolarga nisbatan 10 million 704 ming so‘m miqdorida ma’muriy choralar ko‘rilib, zudlik bilan bartaraf etilmasligi yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 16 bino va inshootlarning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan. 312 nosoz elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish taqiqlandi.
Yong‘in-qutqaruv qismlari shaxsiy tarkibi tomonidan favqulodda vaziyat yoki yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish tartibi va qutqaruv ishlarini tashkil etish bo‘yicha 17 marotaba yong‘in o‘chirish amaliy taktik mashq va 10 marotaba odamlar ommaviy yig‘iladigan maskanlarda yong‘in qutqaruv texnikalari va vositalari namoyish etildi. Yong‘in xavfsizligi qoidalari talablarini targ‘ib qiluvchi eslatma, yo‘riqnoma va plakatlar tarqatildi.
Bulardan tashqari, viloyat hududida mavjud o‘ta muhim davlat ahamiyatiga molik ob’ektlarda profilaktik tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 29 o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlardagi 86 bo‘lim, bo‘linma, kon va shaxtalarda ob’ektlarning yong‘inga qarshi holati tekshirildi. 32 ob’ektda yong‘in-profilaktika ko‘riklari o‘tkazildi. Olib borilgan tekshiruv va o‘rganishlar davomida 211 yong‘inga qarshi kamchiliklar aniqlanib bartaraf etildi.
Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzayotgan yoki davlat yong‘in nazorati organlarining yozma ko‘rsatmalarini bajarmayotgan 17 nafar rahbar, javobgar shaxslar va fuqarolarga nisbatan 25 million 460 ming so‘m miqdorida ma’muriy chora ko‘rilgan. Zudlik bilan bartaraf etilmasligi yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 4 bino va inshootlarning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi. 56 nosoz elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish taqiqlandi.
[gallery-12871]
O‘ta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlarda tuzilgan ko‘ngilli yong‘indan saqlash xizmati a’zolari va 481 nafar ishchi-xizmatchilar ishtirokida 83 marotaba yong‘inga qarshi mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bulardan tashqari, yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi mavjud muammo, kamchilik va nuqsonlar yuzasidan viloyat, shahar va tuman hokimliklari, yuqori turuvchi va boshqa taalluqli idoralarga 49 marotaba axborotnoma va 20 marotaba taqdimnomalar kiritildi.
Xususan, viloyatimizning olis tog‘li hududlaridan biri bo‘lgan Shahrisabz tumanining “Hisorak” mahalla fuqarolari yig‘inida yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida mutaxassislar tomonidan muhim targ‘ibot tadbirini o‘tkazildi. Tuman markazidan 55 kilometr uzoqlikda joylashgan “Hisorak” mahallasida 7 qishloq mavjud bo‘lib, unda 1196 aholi yashash xonadonlari bor, umumiy aholi soni 4584 nafarni tashkil etadi.
Ma’lumki, ushbu tog‘li hudud tuman markazidan olisda, yong‘in sodir bo‘lganda esa qutqaruvchilarning tezkorlikda yetib borishi imkonsiz, ayni shu maqsadda mahallada ko‘ngilli fuqarolardan iborat yong‘in o‘chirish guruhi (drujina xizmati) tashkil qilindi. Mutaxassislar tomonidan ko‘ngilli yong‘in o‘chirish guruhining vazifalarini tushuntirish maqsadida amaliy o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Qolaversa, tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda aholi yashash xonadonlarida uyma-uy yurib profilaktik tadbirlar o‘tkazildi, fuqarolarga elektr va gaz uskunalaridan foydalanishda ularning sozligiga, birinchi galda, sovitish konditsionerlari va shu kabi boshqa maishiy elektr jihozlardan foydalanishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga
qat’iy amal qilishga e’tibor qaratilishi tushuntirildi.
Mahalla hududida joylashgan kasb-hunar maktabida esa barcha mahalla faollari jam bo‘ldi. Soha mutaxassislari tomonidan yoz mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar to‘g‘risida ko‘rgazmali tarzda tushunchalar berildi. Videoroliklar namoyish etildi, maxsus ishlab chiqilgan eslatma va bukletlar tarqatildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.