Qashqadaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi mas’ullar Xitoyning yana bir, ya’ni “Xiamen International Trade Co., Ltd.” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Viloyat hokimining voha ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari, jumladan, to‘qimachilik, paxta yetishtirish, baliqchilik va tovuqchilik, tibbiyot, farmatsevtika, elektrotexnika hamda qurilish materiallari sanoati haqida bergan ma’lumotlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Yig‘ilishda Xitoy kompaniyasi tomonidan to‘qimachilik, qurilish materiallari, parrandachilik va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish sohalariga investitsiya kiritish masalalari muhokama qilindi

***
Zamonaviy tarzda qurilgan va o‘zida dam oluvchilar uchun barcha qulaylikni mujassam etgan “Arbat” mehmonxonasining rasmiy ochilish tadbiri o‘tkazildi va unda viloyat hokimi boshchiligidagi sektorlar rahbarlari, shahar hokimi va mehmonxona xodimlari ishtirok etdi. Bu yerdagi qulayliklar tanishtirildi.
66 o‘rinli mehmonxonada 100 kishilik restoran ham ish boshladi. Bu yerga tashrif buyuruvchilar nafaqat o‘zbek, balki yevropa taomlaridan ham tanovul qilibgina qolmay, shahar go‘zalligini tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi.

***
Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasining Ryazan oblastida bo‘lib turgan Qarshi shahri hokimligi delegatsiyasi “Dinamo” migratsiya agentligida vatandoshlarimiz bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi. Muloqot davomida ko‘tarilgan ayrim masalalar joyida o‘z yechimini topdi.
Bundan tashqari, delegatsiya bir qator kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashib, muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda Ryazan oblastida faoliyat olib boruvchi “Prostorы Polesya” kompaniyasi bilan 50 ta, “GK Fabrikant” kompaniyasi bilan 200 ta bo‘sh ish o‘rniga fuqarolarimiz, jumladan, yoshlarni sifatli va yuqori maoshli ishlarga jalb qilish hamda mazkur kompaniyalarning ishlab chiqarish filiallarini Qarshi shahrida ham tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.


O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri