Qarzdor otalar 15 sutkaga qamaldi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanlararo sudining 2015 yil 24 avgustdagi ijro hujjatiga asosan fuqaro A.Sdan undiruvchi S.G foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun oylik ish haqi va boshqa daromadlarining uchdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Majburiy ijro byurosi G‘ijduvon tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan ijro hujjati bo‘yicha ijro harakatlari olib borilgan.
Qarzdor A.S.ning aliment qarzi 12,5 million so‘mni tashkil qilganligi bois, mol-mulkini aniqlash maqsadida tegishli davlat idoralariga so‘rov yuborilgan va unga ko‘ra qarzdor nomida mol-mulklar aniqlanmagan.
–Qarzdorning oxirgi yashash manzili aniq bo‘lmaganligi bois, unga qidiruv e’lon qilingan. Qidiruv natijasida fuqaro A.S. Navoiy viloyatidan topildi, – deydi MIB G‘ijduvon tumani bo‘limi davlat ijrochisi Yashin Holiqov. – Qarzdor A.Sdan aliment qarzdorligini undirish imkoni bo‘lmaganligi sababli unga nisbatan to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47(4)-moddasiga asosan jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudiga yuborildi. Sudning 2021 yil 6 sentyabrdagi qarori bilan qarzdorga nisbatan 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudining 2021 yil 23 fevraldagi ijro hujjatiga asosan fuqaro A.J undiruvchi U.B foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun 2021 yil avgust oyiga qadar 3.084.250 so‘m aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganligi bois, jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudining qaroriga asosan 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Zarif Komilov, O‘zA