Qarz inqirozidan chiqish yo‘li bormi?
-
Tramp tariflari: muammoni o‘zaro muzokaralarda hal qilsa bo‘ladimi?
Kuni kecha AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatlar bilan yangi tariflar bo‘yicha kelishuvga erishish yo‘lida ish yaxshi ketayotgani, 70 dan ortiq davlat Vashington bilan tarif bo‘yicha muzokara olib borish istagini allaqachon bildirganini ma’lum qildi.
Ma’lumki, 2 aprel kuni Tramp boshqa mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarga alohida boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Eng kam boj 10 foiz etib belgilanganiga qaramay, aksariyat mamlakatlar yuqori stavkaga duchor bo‘lishdi. AQSH savdo vakilligi boshqarmasi izoh berishicha, raqamlar muayyan davlat bilan savdo taqchilligidan kelib chiqqan holda hisoblangan. Bu qaror kamomad emas, muvozanatga erishish maqsadini ko‘zlaydi.
Salmoqli zarba Yevropa Ittifoqiga qaratildi. Endi okean ortiga jo‘natilayotgan mahsulot uchun YeI 20 foiz boj to‘laydi.
Hozircha Tramp yangi tartibdan mamlakat byudjeti 6-7 trillion dollar yutishini ta’kidlamoqda. O‘z navbatida qator davlatlar rasmiylari javob choralari ko‘rilishini e’lon qilgan.

Tramp hamma bilan gaplashishga vaqt yo‘qligini iddao qilib, yollangan yuridik firmalar yordamidan foydalanishga tayyorligini bildirdi.
– 70 dan ortiq davlat bilan muzokara olib boryapmiz, – degan u Oq uyda jurnalistlarga. – Muammo shundaki, tushgan arizalarni qisqa vaqtda ko‘ra olmaymiz. – Kuniga taxminan 2 milliard dollar boj olyapmiz. Demak, yaxshi ishlayapmiz.
Javob chorasiga javob chorasi
AQSH qo‘llayotgan tariflar haqiqatan savdo urushini keltirib chiqaradiganga o‘xshaydi. Har holda, buning alomati hozirdanoq ko‘rinmoqda. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Xitoy tovarlariga import bojini 104 foiz oshirgan. “Fox News” Oq uy vakiliga tayanib yozishicha, ayni tarif kecha yarim tunda kuchga kirgan, chunki Xitoy javob chorasini bekor qilmagan. Qo‘shimcha boj 9 apreldan olina boshlaydi.

Tramp bir kun oldin agar Xitoy ilgari joriy qilingan 34 foizlik tarifga javob chorasini to‘xtatmasa, e’lon qilingandan tashqari, yana 50 foiz qo‘shimcha to‘lov qo‘llanishi bilan tahdid qildi. Bu gapni Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt ham tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Xitoy tarif bo‘yicha kelishuvga erishmoqchiligiga ishonchi komil, ammo bu ishni qanday amalga oshirishni bilmaydi.
– Agar Pekin kelishuvga erishish uchun aloqaga chiqsa, Amerika rahbari nihoyatda saxiy bo‘ladi, – degan u.
Xo‘sh, AQSH joriy qilayotgan tartib global inqirozga olib kelmaydimi?
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ushbu masalaga to‘xtalarkan, bunday bo‘lmasligidan umidvorligini bildirdi.
– Retsessiyaga duch kelmasligimizni chin dildan xohlayman, chunki inqiroz, ayniqsa, dunyodagi eng kambag‘al odamlar uchun fojiali oqibat keltirib chiqaradi, – dedi mulozim matbuot anjumanida.
Umuman, xalqaro ekspertlar global savdo urushida g‘olib bo‘lmasligini ta’kidlab kelishadi.
S.Rahimov,O‘zA