Qarshida zamonaviy kutubxona ochildi
O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi va AQSHning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida Qarshi shahrida zamonaviy kutubxona – Qarshi shahridagi “Amerika burchagi” ochildi.
Tantanali ochilish marosimida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov hamda AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum ishtirok etdi.
Qarshi shahridagi Amerika burchagi AQSH hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan 600 dan ortiq ochiq madaniyat markazlari tarmog‘iga qo‘shiladi. 140 dan ortiq mamlakatda joylashgan bu kabi Amerika burchagi markazlari dunyoni AQSH bilan bog‘lashga xizmat qiladi. Zamonaviy Amerika kutubxonalari asosida modellashtirilgan Amerika markazlari har yili millionlab mehmonlarni qabul qiladi. Bu kabi zamonaviy jihozlangan markazlar ingliz tilidagi kitoblar, filmlar, ingliz tili dasturlaridan bepul foydalanish imkonini beradi.
[gallery-1768]
Qarshi shahridagi “Barkamol avlod” maktabining ikkinchi qavatida joylashgan, 230 kvadrat metrli maydonni egallagan mazkur kutubxona haftaning seshanba-shanba kunlari soat 10:00 dan 19:00 gacha jamoatchilik uchun faoliyat yuritadi. U yerda kompyuter laboratoriyasi, kutubxona, konferens zal, ta’lim bo‘yicha maslahat xonasi, yuqori tezlikdagi internet va boshqa zamonaviy texnologiyalar mavjud.
Markaz ingliz tilida so‘zlashuvchilarning dasturlari orqali til o‘rganishni yengillashtiradi hamda bosma va raqamli ingliz tili resurslariga kirishni ta’minlaydi. Shuningdek Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘qishni istaganlarga bakalavr va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha bepul maslahat xizmatini ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari tomonidan amalga oshirilayotgan “Amerika burchaklari” tashabbusi orqali O‘zbekistonda 7 ta “Amerika burchagi” ochilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihaga AQSH hukumati va mahalliy hamkor tashkilotlar tomonidan 800 ming AQSH dollaridan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
O‘.BAROTOV, J.NORQOBILOV (surat), O‘zA