Qarshida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun dam olish kunlari ham yangi xizmatlar yo‘lga qo‘yildi
Qarshi shahridagi “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi pullik xizmatlar yo‘lga qo‘yildi.
Yangi xizmatlar ikki yo‘nalishni qamrab oladi. Jumladan, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan alohida ta’lim ehtiyojiga ega bolalar uchun haftaning shanba va yakshanba kunlari “Qarab turish xizmati” tashkil etildi. Shuningdek, 2 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun reabilitatsiya xizmatlari ham ko‘rsatilmoqda.


Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Qarab turish xizmati” ota-onalarga dam olish kunlari shaxsiy yoki xizmat vazifalari bilan bemalol shug‘ullanish imkonini yaratmoqda. Bu esa farzandi alohida parvarish va e’tiborga muhtoj bo‘lgan oilalar uchun muhim qulaylik hisoblanadi.

Ayniqsa, harakatlanish va nutqida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan reabilitatsiya xizmatlari ularning jismoniy va ijtimoiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri