Qarshida jurnalistlar o‘rtasida shaxmat-shashka musobaqasi tashkil etildi
Qarshida jurnalistlar o‘rtasida Samad Salomov xotirasiga bag‘ishlangan shaxmat va shashka turniri o‘tkazildi.
Shaxmat taxtasi ustida donalar joy-joyiga qo‘yildi. Ishtirokchilar navbatdagi yurishni o‘ylab, raqibining rejasini anglashga harakat qilmoqda. Shashka bahslarida ham vaziyat oson emas: har bir yurish g‘alabaga yaqinlashtirishi yoki imkoniyatni boy berdirishi mumkin. Biroq bugungi bellashuvlarning ahamiyati faqat g‘oliblik bilan belgilanmaydi. Unda ustoz jurnalist xotirasiga hurmat, hamkasblar o‘rtasidagi do‘stlik va soha vakillarini birlashtirgan ezgu an’ana mujassam. Qarshi shahridagi “Oq ruh” shaxmat klubida tajribali jurnalist Samad Salomov xotirasiga bag‘ishlab tashkil etilgan shaxmat va shashka musobaqasi ana shunday ruhda kechdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan turnirda viloyatdagi ommaviy axborot vositalarining 50 nafardan ziyod xodimi ishtirok etdi. Turli avlod vakillarini bir davraga jamlagan musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki hamkasblarning o‘zaro muloqoti, tajriba almashishi va ustozlar xotirasini yod etish maydoniga ham aylandi.
Zero, xotira insonning ezgu ishlari va qoldirgan ma’naviy merosini qadrlashdir. Qashqadaryo jurnalistikasining rivojlanishiga hissa qo‘shgan, o‘zining mehnati va tajribasi bilan hamkasblari hurmatini qozongan Samad Salomov ham ana shunday e’tirofga munosib ustozlardan biri edi. Soha fidoyilarining hayot yo‘li, kasbiy tajribasi va ijodiy merosini yodda saqlash bugungi avlod jurnalistlari uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Musobaqa davomida har bir ishtirokchi g‘alaba uchun astoydil harakat qildi. Tajribali faxriylar ham yosh hamkasblardan kam emasligini namoyon etdi. Zero, shaxmat va shashkada faqat tezkorlik emas, balki sabr-toqat, diqqat-e’tibor, mantiqiy fikrlash va vaziyatni oldindan baholay bilish ham muhim.
[gallery-32202]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, shaxmat bahslarida Rafiq Rajabov birinchi o‘rinni egalladi. Faxriy jurnalist Bo‘ri Norqobilov ikkinchi, Qayum Rahimov esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Shaxmat insondan chuqur mulohaza, sabr va har bir qadamni oldindan hisoblashni talab qiladi, – deydi ustoz jurnalist Bo‘ri Norqobilov. – Bugungi musobaqada raqiblar bilan qizg‘in bellashish barobarida hamkasblar bilan diydorlashdik, ustozlar xotirasini yod etdik. Bunday tadbirlar jurnalistlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shashka musobaqasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri O‘lmas Baratov barcha raqiblaridan ustun kelib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. “Ijod gulshani” gazetasi muxbiri Muso Murodov ikkinchi, “Huquq” gazetasining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha muxbiri Norbo‘ta G‘oziyev uchinchi o‘rinni egalladi.
– Bunday musobaqalar jurnalistlarning kasbiy faoliyatidan tashqaridagi qiziqishlarini ham namoyon etish, hamkasblar bilan yaqindan muloqot qilish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi, – deydi “Sevimli” telekanali muxbiri Shavkat Aminov. – G‘alaba, albatta, quvonarli. Biroq bugungi turnirning eng katta ahamiyati – ustoz jurnalist xotirasini yod etish va soha vakillarini bir maqsad atrofida birlashtirishda, deb o‘ylayman.
Shuningdek, alohida nominatsiyalar bo‘yicha ham faol ishtirokchilar e’tirof etildi. “Eng faol faxriy ishtirokchi” nominatsiyasi Shomurod Sharopovga, “Eng namunali shaxmatchi ayol” nominatsiyasi viloyat “Oltin voha” radiosi muxbiri Go‘zal Pardayevaga, “Eng faol shashkachi ayol” nominatsiyasi esa “NEWS-24” sayti muxbiri Sohibjamol Aminovaga berildi.
G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda tadbir homiysi Zayniddin Salomov tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Musobaqada alohida nominatsiya sohibi bo‘lgan Go‘zal Pardayeva uchun ham bugungi uchrashuv o‘ziga xos taassurotlarga boy bo‘ldi.
– Ayol jurnalistlar uchun ham bunday musobaqalarda ishtirok etish, o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rish va yangi marralarni ko‘zlash muhim, – deydi G.Pardayeva. – Sport insonni fikrlashga, vaziyatni to‘g‘ri baholashga va qaror qabul qilishga o‘rgatadi. Eng muhimi, bugun biz ezgu maqsad yo‘lida birlashdik.
Tadbir davomida Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farrux Rasulov ham ishtirok etdi. U tadbirning tashkil etilishiga hissa qo‘shgan tadbirkor Zayniddin Salomovga minnatdorlik bildirib, uni fond faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani uchun “Amir Temur” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.
Bu e’tirof hamjamiyat hayotida homiylik, saxovat va ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Turnir yakunida ishtirokchilar ushbu xotira musobaqasini har yili o‘tkazishga kelishib oldi. Demak, Samad Salomov xotirasiga bag‘ishlangan bugungi bellashuv bir kunlik tadbir bo‘lib qolmaydi. U jurnalistlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlaydigan, faxriylar va yosh avlodni bir davraga jamlaydigan ezgu an’anaga aylanadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari