Qarshi shahrida zamonaviy turar-joy majmuasi foydalanishga topshirildi
Qarshi shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida “Yuksalish Group” kompaniyasi tomonidan barpo etilgan zamonaviy ko‘p qavatli turar-joy majmuasi foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov, mutasaddi rahbarlar, qurilish kompaniyasi vakillari hamda jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbir davomida mehmonlar xonadonlarda aholi uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Viloyat hokimi so‘zga chiqib, yangi xonadon sohiblarini qutlar ekan, aholining munosib uy-joy bilan ta’minlanishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, qurilish ishlarini sifatli amalga oshirgani uchun “Yuksalish Group” kompaniyasi rahbari Qashqadaryo viloyati hokimligining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur loyiha qurilishiga bir yil avval start berilgan bo‘lib, hozirga qadar 702 ta xonadonga mo‘ljallangan 7 ta ko‘p qavatli uy to‘liq barpo etildi. Shu tariqa yangi turar-joy majmuasidagi dastlabki xonadonlar o‘z egalariga topshirildi.
[gallery-30472]
Ta’kidlanganidek, “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan bunday loyihalar aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, zamonaviy shaharsozlik muhitini shakllantirish hamda hududlarning infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA