Qaror va ijro: tibbiyotda yangi tizim
Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash uchun tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 26 yanvardagi «Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Aholiga ko‘rsatilayotgan kardiologik va kardiojarrohlik xizmatlari sifatini yaxshilash, hududlarda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, barvaqt aniqlash va samarali davolash ishlarini kengaytirish, bemorlar uchun qulay sharoit yaratish, ularni zarur dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatini transformatsiya qilish maqsadida imzolangan ushbu qarorda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Birlamchi tibbiyot muassasalari tomonidan davriy tibbiy ko‘riklarni yo‘lga qo‘yish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ehtiyojmand aholi qatlamlarini zarur dori vositalari bilan bepul ta’minlash, hududlarda ko‘rsatilayotgan yuqori texnologik, kaminvaziv kardiologik hamda kardiojarrohlik tibbiy xizmatlar ko‘lamini oshirish, birlamchi bo‘g‘indagi mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va salohiyatini oshirish, sohada ilm-fanni rivojlantirish,•yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lgan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish shular jumlasidandir. Bundan tashqari, asoslangan hisob-kitoblar hamda ehtiyojga ko‘ra tumanlardagi shifoxonalarni 4 turdagi kardiologiya uskunalari bilan jihozlash hisobiga ko‘rsatiladigan xizmat turlarini 15 taga yetkazishda ushbu qaror huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, ushbu qaror bilan kardiologiya xizmatini 2022-2024 yillarda yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar dasturi, ushbu chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish samaradorligini aniqlash ko‘rsatkichlari hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallari hamda mahalliy tibbiyot birlashmalarining kardiologiya bo‘linmalarini 2022 yilda tibbiy uskunalar bilan jihozlashga doir chora-tadbirlar ham tasdiqlandi.
Ayniqsa, ushbu qarorda shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lgan holatlarda o‘tkir koronar sindromi bilan og‘rigan bemorlar uchun koronarografiya va birlamchi stentlash amaliyotlarini Markazning hududiy filiallari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining hududiy filiallari, tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari hamda boshqa angiograf uskunasi mavjud davolash-profilaktika muassasalarida Davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilishining belgilangani ayni muddao bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash vazirining «Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davolanadigan kasalliklar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida» gi buyrug‘i bilan Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanganini ham alohida e’tirof etish lozim. Ta’kidlash lozim, kardiologiya xizmatini 2022-2024 yillarda yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar dasturining 12-bandida yurak-qon tomir kasalliklarini tashxislash va davolashga oid zarur ma’lumotlarni aholiga yetkazish belgilangan.
Saodat SARIBOEVA,
Ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tekshiruv markazi
Toshkent viloyati mintaqaviy filiali bo‘lim mudiri
O‘zA