Qaror va ijro: Piskentda uzumzorlar ko‘paymoqda
Hozirgi kunda Piskent tumanining Mingtepa, Yangiobod, Birlik mahallalarida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida uzum yetishtirish borasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtda aholi tomorqalarida 700 gektarga yaqin uzumzorlar mavjud.
Toshkent viloyati hokimligi tomonidan mazkur jarayonlar bilan yaqindan tanishish maqsadida jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi. Unda OAV vakillari sohaga oid tajribalarni rivojlantirish, drayver sohalarni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlash, agroturizm va eksport salohiyatini yanada yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Ko‘hna kentda odamlar yer bilan tillashishda o‘ziga xos maktab yaratgan. Ayniqsa, uzumchilikni o‘ziga kasb qilgan bog‘bonlar avlodlari bugun ham bobolari kasbini davom ettirmoqda. Mingtepa mahallasidagi 575 xonadonning tomorqalarida “Husayni”, “Rizomat ota”, “Kishmish”, “Charos”, “Oq chillaki” va “Qora chillaki” navli uzumlar yetishtiriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon bozorida uzum savdosiga talab boshqa mevalarga qaraganda uchinchi o‘rinni egallaydi. Bu jarayonda O‘zbekiston uzumlariga talab va ehtiyojning oshib borayotgani esa yil sayin an’anaviy bog‘dorchilikni katta va asosiy daromad manbaiga aylantirish imkoniyatini yaratadi. Press-turda OAV vakillari Mingtepa mahallasi Uzumzor ko‘chasi 23-uyda yashovchi Usmonxon Oripov, Gulzor ko‘chasi 62-uyda yashovchi Umidjon Usmonov xonadonida bo‘ldi. Bu yerdagi 20 sotixli tomorqada oila a’zolari bilan mehnat qilayotgan bog‘bonlar “Husayni”, “Qizil husayni”, “Rizomat ota” navli uzumlar yetishtirmoqda.


Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shundan so‘ng tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limida jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda bu borada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha istiqbolli loyihaning taqdimoti o‘tkazildi. Kelgusida “Oltiariq tajribasi” asosida tumandagi “Mingtepa“ va “Yangiobod“ mahallasida 390 gektar yer maydoni uzumchilikka loyihalashtiriladi. Bundan tashqari jarayonda 1 gektarda 500 tonnali muzlatkich, uzum plantatsiyalari barpo etish orqali yangi ish o‘rinlari, tadbirkorlar tomonidan qurilishi rejalashtirilayotgan savdo va maishiy xizmat ob’ektlari, uzumni qayta ishlash sexi borasidagi loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.
A.Musayev,
O‘zA: