Qaror ijrosiga bag‘ishlandi
Prezidentimizning 2024 yil 5 sentyabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini hamda mazmun mohiyatini tushuntirish hamda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha Buxoro viloyati Vobkent tumanida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi viloyat bo‘linmasi bosh va yetakchi mutaxassislari, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosarlari, bosh mutaxassislar, tumandagi 44 ta mahalla fuqarolar yig‘ini va korxona-tashkilot xodimlari ishtirok etdi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan so‘zga chiqqanlar tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sifat va samaradorligini oshirish, aholining ehtiyojmand qatlamiga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni mahallabay manzilli va maqsadli ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar bo‘yicha to‘xtaldi.

Qarorga ko‘ra, tibbiyot muassasasi rahbariga muassasaning quvvati doirasida bo‘linmalar ixtisoslashuvini, ulardagi davo o‘rinlari sonini o‘zgartirish hamda ajratilgan mablag‘lar doirasida xodimlar sonini ish hajmiga muvofiq belgilash vakolati beriladi. Tibbiy xizmatlar xaridi asosida Jamg‘arma orqali moliyalashtiriladigan davlat tibbiyot muassasalariga byudjet mablag‘lari oluvchisi maqomi berilishi, bunda ularga nisbatan Davlat byudjetiga undiriladigan soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha byudjet tashkilotlari uchun belgilangan tartib qo‘llaniladi.

Tibbiyot muassasalari uchun tasdiqlanga shtat me’yorlari tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi. Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lashning alohida tartibi va shartlari tatbiq etiladi. Ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni tasdiqlangan standartlarga muvofiqligi va sifatini nazorat qilish jamg‘arma tomonidan, tibbiyot muassasalari faoliyati natijadorligini baholovchi indikatorlarni ishlab chiqish va ular asosida doimiy monitoring o‘rganish, Sog‘liqni saqlash Vazirligi tomonidan amalga oshirish tartibi o‘rnatilishi, Davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish bo‘yicha tibbiyot xodimlari tomonidan aholiga tushuntirish, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirishlari zarur ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.