Qaror ijrosi viloyat hokimi nazoratida
Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev hududlardagi issiqlik ta’minoti tizimini tiklash, rivojlantirish, ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlarini yaxshilash hamda avtomobil yo‘llarini qurish, ta’mirlash ishlari yuzasidan amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi.
Mazkur rejalar yuzasidan Toshkent viloyati hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Barhayot Meliyev ma’lumot berdi.

Xususan, Prezidentimizning "Toshkent viloyatida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qaroriga asosan issiqlik ta’minoti, ichimlik suv, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va tuman-shahar obodonlashtirish boshqarmalarini maxsus texnikalar bilan ta’minlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 50 million dollar miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Shundan kelib chiqib, joylarda 460,9 kilometr ichimlik suv tarmoqlari, 41 dona ichimlik suv inshootlari, 30,7 kilometr oqova suv tarmoqlari, oqova suvni tozalash inshooti, yo‘l qurilishi va kommunal sohaga oid o‘nga yaqin loyihalar reja qilingan. bugungi kunda viloyatda 935 dona ichimlik suv nasos agregatlari mavjud bo‘lib, shulardan 2022 yilda 187 tasi zamonaviy energo tejamkor nasos agregatlari tashkil etish ko‘zda tutilgan. Taqdimotda mazkur ishlar uchun 12 milliard so‘m mablag‘ talab etilishi aytib o‘tildi. Shuningdek, Zoyir Mirzayevga Toshkent tumani chegara qo‘riqlash vzvodi hududida turar va noturar joy ob’ektlarini ko‘chirish bo‘yicha ham takliflar berildi. Bu ishlarga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar rejalarni mazkur yo‘nalishlarga aloqador bo‘lgan hokim o‘rinbosarlari va mutasaddilar bilan bamaslahat holda ko‘rib chiqishi zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilarga qilingan taqdimot loyihalarini qaytadan tayyorlash hamda har bir ishni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
A.Musayev,O‘zA.