Qaror ijrosi bo‘yicha seminar o‘tkazildi
Qarshi shahrida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi va uning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Markazning shahar va tuman bo‘linmalari vakillari taklif etilgan seminarda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etishda «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» g‘oyasini ro‘yobga chiqarishda ma’naviy-ma’rifiy islohotlar samaradorligini yanada oshirish taqozo etilayotir.
Shu maqsadda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlariga qo‘shimcha 2 tadan, tuman (shahar) bo‘linmalariga aholi soni 200 mingdan ortiq bo‘lganda 2 tadan, 200 mingdan kam bo‘lgan taqdirda esa 1 tadan qo‘shimcha shtat birliklari ajratildi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi shahar va tumanlarda ham aholi soniga qarab targ‘ibot ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha bosh mutaxassis hamda mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha yetakchi mutaxassislar ish boshladi.
Seminarda ular faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, galdagi maqsad-vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
[gallery-2551]
– Qarorda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samarasi va ta’sirchanligini oshirish, ko‘lami va miqyosini yanada kengaytirish bo‘yicha qator muhim vazifalar belgilangan, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Lola Saodatova. – Jumladan, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni ma’naviy tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha tashkiliy-amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, bu borada davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektorning ijtimoiy hamkorligini samarali yo‘lga qo‘yish, islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish kabi ulug‘ maqsadlar oldimizda turibdi. bugungi tadbirda xodimlarimiz mas’uliyatini oshirish va zamon bilan hamnafas harakat qilishi bo‘yicha tushunchalar berildi.
– Maxsus komissiya suhbatidan o‘tib, ma’naviy-ma’rifiy jabhada faoliyat boshladim, – deydi Markaz Kitob tumani bo‘linmasi bosh mutaxassisi Ahmadjon Samiyev. – Ayni paytda umumta’lim maktablariga biriktirilgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar bilan ishlab, «Bir ziyoli – bir mahalla» yo‘nalishida tadbirlar o‘tkazayapmiz. Qolaversa, ma’naviyat targ‘ibotida ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan unumli foydalanishga harakat qilyapmiz. Qiziqarli videoroliklar, odamlar e’tiborini tortadigan ma’ruza matnlari, taqdimotlar, ko‘rgazmali vositalar tayyorlashga e’tibor qaratganmiz.
Tadbir ishtirokchilari shu kuni Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi faoliyati bilan tanishishdi. Ma’lumot berilganidek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan 2021-2022 o‘quv yiliga mo‘ljallangan qabul kvotalari ishlab chiqilgan bo‘lib, shunga muvofiq, iqtidorli, izlanuvchan va ijodkor o‘quvchilarni ijod maktabiga jalb etishda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar yordamidan keng foydalanishga kelishib olindi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA