Qanday yer maydonlarini xususiylashtirish mumkin?
Avvallari mamlakatimizda yer maydonlarini xususiylashtirish mumkin bo‘lmaganligi sababli, yer uchastkalaridan foydalanish, egalik qilish huquqi, yerga nisbatan daxlsizlik huquqining buzilishi hamda yer maydonlari uchun kompensatsiya to‘lovlarining to‘lab berilmasligi singari holatlar fuqarolarning ko‘plab noroziliklariga sabab bo‘lar edi.
Jamiyatimizdagi o‘zgarishlar, qonunchilikning takomillashuvi bilan ana shu yo‘nalishdagi muammolarni qonuniy bartaraf etish, tartibga solish maqsadida 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun hujjati O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 24 sentyabrda qabul qilinib, Senat tomonidan 2021 yil 30 sentyabrda ma’qullangan.
Ushbu qonun 6 bob, 44 moddadan iborat bo‘lib, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Qonunga ko‘ra, yer uchastkalarini ma’lum haq evaziga xususiylashtirish mumkinligi belgilangan. Agarda ushbu yer uchastkasida davlat ko‘chmas mulki mavjud bo‘lib, ularni xususiylashtirish taqozo etgan bo‘lsa, yer va ko‘chmas mulk bir vaqtda xususiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
Xususiylashtirish ob’ektlariga nimalar kiradi? Qonunga ko‘ra, yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, tadbirkorlik va shaharsozlik foaliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari, shu bilan birga, xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan va bo‘sh turgan yer uchastkalari xususiylashtirish ob’ektlari bo‘lishi mumkin. Bunda barcha harakat va jarayonlar qonunchilik va belgilangan tartiblar doirasida amalga oshiriladi.
O‘z navbatida qonun hujjatida xususiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydigan yer uchastkalari ham belgilab qo‘yilgan. Jumladan, foydali qazilma konlari, shuningdek, qonunchilikka muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulki ob’ektlari joylashgan yer uchastkalari, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek, o‘rmon hamda suv fondlarining, muhandislik va transport infratuzulmasi ob’ektlarining muhofaza zonalari, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, xiyobonlar, istirohat bog‘lari) ana shunday yer maydonlari toifasiga kiradi.
Bundan tashqari, xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari, maxsus iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatadigan davrda qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga taqdim etilgan yer maydonlari, Ma’muriy kengash qarori bilan berilgan yer uchastkalari (maxsus iqtisodiy zonalar tugatilgandan keyin yer uchastkalarining maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan xususiylashtirish hollari bundan mustasnodir).
Ko‘p kvartirali uylar joylashgan, shuningdek, ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv va shartnomalarni amalga oshirish hamda yuridik shaxslarga davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkalari ham xususiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur qonun ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon viloyatida ham muayyan ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2023 yilning o‘tgan davri davomida 242,2 gektar yer maydonini xususiylashtirish bo‘yicha 1 ming 925 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, murojaatlarning 729 tasiga rozilik berildi, 6 ta murojaat bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.
Qolgan 1 ming 190 ta murojaatga rad javobi berilgan. Rad etilganlar aksariyat hollarda yerga bo‘lgan huquqning mavjud emasligi yoki o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni xususiylashtirish masalasidagi murojaatlar bo‘lgan. Umuman, murojaatchilarga rad etilish asoslari va sabablari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida fuqarolarning yer uchastkalariga egadorlik huquqini kafolatlash, ya’ni ularning xususiylashtirilgan yer uchastkalariga bir umr egalik qilishi, foydalanishi va uni tasarruf etish huquqlariga ega bo‘lishlari yuqorida qayd etilgan qonunning muhim va tarixiy ahamiyatga ega ekanligini bildiradi.
Dilshodbek Akbarov,
Davlat kadastrlari palatasi
Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA