Qanday toifadagi yerlarni xususiylashtirish mumkin?
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yilning 14 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi.
Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne’mat Atamuratovning qayd etishicha, mazkur qaror bilan 1 ta reglament hamda 2 ta nizom tasdiqlandi. Ushbu qaror bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar xususiylashtirilishi belgilangan. Bularga yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari kiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari, xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan yer uchastkalari, bo‘sh turgan yer uchastkalari ham xususiylashtirishlishi ko‘zda tutilgan.
Xususiylashtirish uchun qayerga murojaat qilinadi va qancha to‘lov qilinadi?
O‘ziga tegishli yerni xususiylashtirish bo‘yicha Davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinadi. Bir martalik to‘lov yuridik va jismoniy shaxslar uchun sotib olish qiymatini aniqlashda o‘sha kunda belgilangan bazaviy soliq stavkasining 20 baravari etib belgilangan.
O‘ziga tegishli yerni xususiylashtirish jarayoni 22 ish kunigacha bo‘lgan muddatda, bo‘sh yerlar auksion orqali sotib olinganda 16 ish kunigacha bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
Ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini xususiylashtirsa bo‘ladimi?
– Yo‘q bunday yerlar xususiylashtirilmaydi. Bu “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasida belgilangan.
Foydali qazilma konlari, qonunchilikka muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulki ob’ektlari joylashgan yer uchastkalari, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek o‘rmon hamda suv fondlarining, muhandislik va transport infratuzilmasi ob’ektlarining muhofaza zonalari, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari) xususiylashtirilmaydi.
Shuningdek, xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari, qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga taqdim etilgan yer uchastkalari — maxsus iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatadigan davrda, ko‘p kvartirali uylar joylashgan, shuningdek, ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvlar va shartnomalarni amalga oshirish uchun berilgan, shuningdek, yuridik shaxslarga davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA