Qamashi tajribasi asosidagi yangicha loyihalashda tannarx kamida 20 foizga arzon tushadi, uyni isitish-sovitish xarajatlari 30 foizga qisqaradi
Yurtimizda har yili o‘rtacha 65 ming yakka tartibdagi uy-joylar qurilmoqda, yana 200-250 ming xonadon ta’mirlanyapti.
–Ochiq aytish kerak, hali ko‘pchilik energiya tejamkor materiallarning afzalliklari haqida yetarlicha xabardor emas, – dedi Prezidentimiz.
Xonadonlarni isitishning o‘ziga iqtisodiyotdagi jami gaz iste’molining 20 foizi, elektr energiyasining esa 11 foizi sarflanmoqda. Agar uyning fasad va tom qismi issiqlik saqlovchi material bilan qoplansa, energiya tejamkor oyna qo‘yilsa, energiya sarfi 30 foizgacha kamayadi.
Bu borada Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlab chiqqan yangicha loyihalash yondashuvi asosida Qamashi tumanida 4 ming xonadonli “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilmoqda.
Eng muhimi, mazkur loyihada to‘liq energiya tejamkor mahalliy mahsulotlar ishlatilib, tannarx kamida 20 foizga arzon tushadi, uyni isitish-sovitish xarajatlari 30 foizga qisqaradi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga Qamashi tajribasi asosidagi yangicha loyihalash yondashuvini o‘rganish topshirildi. Joriy yil Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kiriladigan 33 ta tuman va shahardagi ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi faqat shunday yondashuv asosida amalga oshirilishi belgilandi.
Xonadonlarni qurish va ta’mirlashda energiya tejamkor materiallarga o‘tish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqib, 19 mingta qurilish korxonasiga ushbu tavsiyalarni, “yashil ta’mir” loyihasi bo‘yicha beriladigan imtiyozlar haqidagi ma’lumotlarni qurilish bo‘layotgan har bir mahalla, har bir xonadonga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
O‘zA