Qalovini topsang qor ham yonadi
Qorako‘lda ko‘mir kukunidan o‘ziga xos usulda briket tayyorlanmoqda.
Ba’zan ish jarayonida yetkazib berilayotgan ko‘mirning sifati, ayniqsa, kulchanligiga e’tirozlar bo‘lmoqda. Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, aholi va ijtimoiy soha tashkilotlariga tarqatilayotgan mahalliy ko‘mirning kulchanligi 18 foizni tashkil etadi. Biroq yuklangan ko‘mir iste’molchiga yetib borguncha yuklash-tushirish jarayonlarida mahsulotning 20 foizi kukun holatiga kelib qolar ekan.



Ammo qalovini topsang qor ham yonadi, deganlaridek, ko‘mirning kukinidan ham samarali foydalansa bo‘lar ekan. Misol uchun, ayni kunlarda tuman tibbiyot birlashmasida maxsus dastgoh ko‘magida ko‘mir kukunini qayta ishlash hisobidan briket tayyorlanib, undan tibbiyot muassasalarida yoqilg‘i sifatida keng foydalanilmoqda.



–Tibbiyot muassasalarining o‘zida ishlab chiqarilayotgan ushbu mahsulot ekologik tozaligi, arzon va haroratni uzoq vaqt bir me’yorda saqlashi bilan boshqa yoqilg‘i turlaridan sira qolishmaydi, –deydi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Feruz Tongotarov. –Bunday briketlardan tumandagi gaz yetib bormagan tibbiyot punktlarida samarali foydalanayapmiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri