Qalblarni quvonchga to‘ldirgan xushxabarlar
Aks-sado
Odamlar quvonchdan qanday yig‘larkin, deb o‘ylardim. Axir, yaxshilik bo‘lsa, xushxabar bo‘lsa... Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 24 avgust kuni imzolagan «O‘zbekiston Qahramoni» unvonini berish to‘g‘risidagi farmonidan xabar topgach, quvonchdan yuragim hapqirib ketdi...
Rosti, mamlakatimizda halol va sidqidildan qilingan mehnat hamisha e’zoz va qadr topgan, alohida hurmat va ehtiromga loyiq ko‘rilgan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan jamiyat hayotida kechayotgan shiddatli o‘zgarishlar jarayonida el-yurtga o‘zini ayamasdan xizmat qilgan, soha rivoji uchun fidoyilik ko‘rsatgan hamyurtlarimizga ehtirom ko‘rsatish borasidagi ishlar yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunda mamlakat yetakchisining ziyrakligi, odamiyligi, masalaga sof o‘zbekona yondashuvini har bir hamyurtimiz qalban his etmoqdamiz, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Xushxabarni eshitgan paytdanoq ustozimiz, xalqimizning suyukli farzandi, milliy adabiyotimiz fidoyisi Ibrohim aka G‘afurovning telefonlariga bog‘lanmoqchi bo‘laman. Mendan avval bu yangilikdan xabar topganlar ustozni qutlayotgan, shekilli, telefonlari ancha band bo‘ldi. Axiyri, tabriklash menga ham nasib etdi. Hayajonim to‘lib-toshib Vatanimizning eng yuksak mukofoti bilan qutlagan bo‘ldim. Doimgidek vazmin ohangda hol-ahvol so‘radilar.
– To‘g‘risi , bu xushxabardan o‘zimniyam boshim aylanib ketdi, – dedilar kamtarlik bilan O‘zbekiston Qahramoni bo‘lgan Ibrohim aka G‘afurov. – Shunday yuksak unvonga munosib ko‘rilganim meni juda to‘lqinlantirib yubordi...
Darhaqiqat, adabiyotga, kitobga mehrni, o‘z kasbiga sadoqat bilan munosabatda bo‘lishni, hamisha vazmin, mulohazakor bo‘lishni, o‘z ishiga, hayotga, odamlarga halol munosabatni ustoz Ibrohim G‘afurovdan har qancha o‘rgansak arziydi.
Adabiyotimizning chinakam jonkuyari bo‘lgan Ibrohim aka ko‘plarni kitobga, so‘z san’atining mo‘’jizakor dunyosiga, jahon adabiyotining bebaho durdonalariga oshno eta olgan kamtarin insondir.
O‘zbekiston Qahramonidek yuksak unvonga munosib topilgan hamyurtlarimizdan yana biri – Buxoro tumanidagi «Madaniyat Muhammad Ismat» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Muhammad Ahmedov. Muhammad aka qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘p yillik fidokorona mehnati bilan elda aziz insonlardan. Ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirib, xalqimizning rizq-ro‘zi va farovonligini, yurtimizning iqtisodiy qudratini va eksport salohiyatini yuksaltirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda Muhammad aka samarali hissa qo‘shib kelmoqda. Dasturxonlarimizning to‘kin, fayzli ekani fermerlik harakatining jonkuyarlari mehnati samarasi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Matematika instituti direktori, atoqli matematik olim Shavkat Ayupov ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi, shogirdlari bilan mashhur. O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari orasida "Ayupov domla" deb nom olgan ustozimiz Abdulla Ayupovning farzandi bo‘lgan Shavkat aka ilmda ko‘plab tadqiqotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Matematik olimning algebra faniga oid izlanishlari xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilgan.
O‘zbekiston Qahramoni degan yuksak unvonga munosib ko‘rilayotgan ayollarimiz safi kengayib borayotgani ham g‘oyat quvonchli. O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva kuylaganda barchaning milliy maqomlarimizni diqqat bilan tinglaganiga, uning yuksak san’ati va mahoratiga xorijliklarning maftun bo‘lganiga, qoyil qolganiga ko‘plab konsertlarda, xalqaro festivallarda guvoh bo‘lganmiz. Munojat opa san’atning maqomdek g‘oyat murakkab, mas’uliyatli turini tanlashi bilan birga milliy durdona boyligimiz, jonajon O‘zbekistonimizning jahon uzra mashhur bo‘lishiga o‘z munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining fidoyi hamyurtlarimizni O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlashga oid tashabbusi lahzada butun mamlakatga yoyildi. Eng ulug‘, eng aziz ayyom arafasida bunday yangiliklar, yaxshiliklar nainki O‘zbekistonning yangi qahramonlari,balki butun xalqimiz qalbiga nur, quvonch bag‘ishlagani aniq!
Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoni qo‘shaloq xushxabarga aylandi.
Zero, ijodkor ziyolilar, tinchimas jurnalistlar, sport, sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari doimo davlatimiz va xalqimiz e’tiborida bo‘lgan. Eng aziz va eng ulug‘ ayyom arafasidagi bunday xushxabarlar o‘z sohiblariga hamda ularning shogirdu muxlislari, yaqin va qadrdonlari, barchamizga muborak bo‘lsin!
O‘zining betakror va yorqin ijodiy faoliyati, milliy istiqlol g‘oyasiga sadoqati bilan Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash borasidagi xizmatlari uchun mehnatlari yuksak e’tirof etilgan bir guruh marhum ijodkorlarning ham bugun ruhlari shod bo‘lgani rost!
Yuksak mukofotlar muborak bo‘lsin,aziz yurtdoshlar!
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri