Qalbaki preparat – hosilga tahdid
Daladagi mehnatning samarasi nafaqat agrotexnik tadbirlar, balki o‘simliklarni zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish vositalarining sifatiga ham bevosita bog‘liq. Shu bois qalbaki va sifatsiz kimyoviy preparatlarning kirib kelishi hamda savdoga chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaslik bugungi agrar mavsumning dolzarb vazifalaridan biridir.
Paxtakor tumanida O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektorlari tomonidan yerdan foydalanuvchilar o‘rtasida shu masala yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Unda sifati kafolatlanmagan preparatlardan foydalanishning salbiy oqibatlari, avvalo, hosildorlikning pasayishi va fermer hamda dehqon xo‘jaliklarining zarar ko‘rishiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.


Gap faqat bir xo‘jalikning iqtisodiy manfaati haqida emas. Sifatsiz vosita dalada kutilgan samarani bermasligi, mehnat va mablag‘ni samarasiz sarflashga sabab bo‘lishi barobarida, o‘simliklarni himoya qilish tizimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun preparat tanlashda uning sifati, qonuniy muomalada ekani va belgilangan talablarga muvofiqligiga ishonch hosil qilish muhim.
Amaldagi tartibda o‘simliklarni himoya qilish uchun qo‘llaniladigan kimyoviy vositalar bilan bog‘liq jarayonlar davlat nazorati va ruxsat berish mexanizmlari bilan qamrab olingan. Jumladan, bunday vositalarni mamlakat hududiga olib kirish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma talab etiladi. Bu talablar fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash, sifatsiz va xavfli vositalar aylanishining oldini olishga xizmat qiladi.


Shu nuqtai nazardan, davlat inspektorlariga nazoratni kuchaytirish, yerdan foydalanuvchilarni muntazam ogohlantirish va aniqlangan holatlar bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralarni ko‘rish topshirildi.
Zero, hosilni asrash urug‘ qadalgan kundan boshlanadi. Uning muhim shartlaridan biri esa dalaga kiritilayotgan har bir kimyoviy vositaning sifati va xavfsizligini ta’minlashdir. Qalbaki preparatlarga qarshi qat’iy nazorat fermer mehnati, hosildorlik va agrar barqarorlikni muhofaza qilishning muhim omilidir.
Abdujalol Qayumov,
O‘za muxbiri