Qalb ardog‘idagi shoir haqida yangi kitob
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning umr yo‘ldoshi, ajoyib inson Gulchehra opa Vohidova g‘oyat ma’rifatli, kamtarin, zahmatkash, millatimiz oydini, deb atashga har jihatdan munosib ijodkor edi. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Gulchehra Vohidova qalamiga mansub “Qalbim ardog‘i” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirga adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, so‘z san’ati muxlislari, talaba-yoshlar taklif etildi.

Ustoz ijodkor Erkin Vohidov milliy adabiyotimiz, ayniqsa, she’riyatimizni yuksaklarga olib chiqqan, uning dovrug‘ini dunyolarga taratgan ijodkor edi. Ayni paytda Erkin akaning o‘z Vataniga, xalqiga, millatiga, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat bilan xizmat qilgani, ona tilimizning mavqei va maqomini yuksaltirish borasidagi jonbozliklari, ko‘plab yosh qalamkashlarga mehr ko‘rsatish bo‘yicha ezgu sa’y-harakatlari ibratga loyiqdir.

Ustoz ijodkorning samarali, barakali, fidokorona faoliyati albatta, uning umr yo‘ldoshi, ma’rifatparvar inson Gulchehra opa Vohidovaning zahmatlari, mehribonliklari, ijodkorga yelkadoshliklari bilan bevosita bog‘liqdir. O‘z davrida ToshDU – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan Gulchehra Vohidovada yaxshi yozuvchi, ziyrak publitsist, benazir shoiralik, jurnalistlik salohiyati ham mavjud edi.

Gulchehra Vohidova ijodiga mansub “Qalbim ardog‘i” nomli kitob xalqimizning suyukli shoiri Erkin Vohidov shaxsiyati, uning sinovlarga to‘la hayot yo‘li, serqirra faoliyatiga yanada yaqinroq nazar tashlash imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

Aytish kerakki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi sakkiz yil davomida milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkorlar, ayniqsa, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov xotirasiga alohida hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ustozning adabiy merosini o‘rganish va yoshlar orasida keng targ‘ib etish masalasida misli ko‘rilmagan tashabbuslar ilgari surildi. Erkin Vohidov nomli ijod maktabi bunyod etildi. Shoirning haykali poytaxtimizdagi Milliy bog‘da qad rostladi. Uning asarlari muttasil nashr etilmoqda. Ustozning ijodiga bag‘ishlangan adabiy anjumanlar, xalqaro adabiy festivallar, she’rxonlik bayramlari an’anaviy tarzda tashkil etilmoqda.

Adabiy tadbirda ijodkor hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Milliy mumtoz qo‘shiqlar yangradi. “Mangu bitik” nomli adabiy to‘garak vakillarining adabiy-badiiy dasturi anjumanga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri