Qahhor Rahimov: “G‘ururlanib, faxrlanib kuylayman”
Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!
Baxshichilik san’ati milliy madaniyatimizning nodir namunalaridan hisoblanadi. Qadim qadriyatlarimiz, an’analarimiz, o‘lmas merosimiz namoyoni bo‘ladigan bu noyob san’at turi yillar o‘tsa-da o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmay kelmoqda. Qashqadaryoda o‘ziga xos baxshichilik maktablarining vujudga kelganligi, elga taniqli baxshilarning yetishib chiqayotgani bu san’at turiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirmoqda.
Baxshilar aytimlarini tinglaganmisiz. Bu ohang va aytim qalbimizga eng go‘zal his-tuyg‘ularni singdiradi. Baxshining sozi-yu ovozida xalqchillik, o‘zbekning o‘zligi, oriyati, mardligi, butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi. Alpomishning jo‘mardligi, Barchinoyning sadoqati, yurt qadri, tinchlikning shukronasi bor do‘mbiraning sadolarida.
O‘zbekiston xalq baxshisi Qahhor Rahimov bilan suhbatlashar ekanmiz, uning suhbat orasida qofiyalarni keltirishi, qashqadaryoliklarga xos bo‘lgan shevada so‘zlashidan zavqlanamiz. Kayfiyatimiz ko‘tarilib, “do‘mbirani qo‘lga oling”, deb yuborganimizni bilmay qolamiz. O‘zbekning ana shunday baxshilari bor.
Qahhor baxshi Rahimov Qashqadaryoning tog‘li Dehqonobod tumanida tug‘ilib o‘sdi. Baxshichilik uning qonida bor. Otasi Qodir baxshi Rahimov doston kuylab, kunni tunga ulagan, yuzlab san’atsevarlarni bir kecha-yu bir kunduz yonidan siljitmay o‘ziga mahliyo etgan beqiyos iste’dod egasi edi. Qahhor baxshi o‘zining ta’biri bilan aytganda beshikda otasining terma-yu dostonlarini tinglab voyaga yetgan. 7 yoshida otasi uning qo‘liga sehrli do‘mbirani tutqazgan. Sarg‘ayota kengliklari, qalblarga ulug‘vorlik baxsh etuvchi purviqor tog‘lar, qir-adirlar, cho‘pon-cho‘liqlarning mardonavor hayqiriqlari, daryoday keng fe’l, soddadil tog‘liklar unga ilhom baxsh etdi.
[gallery-6203]
– Baxtimizning chopgani, peshonamizning jarqillagani Prezidentimizning baxshilarga juda katta e’tibor berayotganida, – deydi O‘zbekiston xalq baxshisi Qahhor Rahimov. – Termizdagi baxshichilik maktabi, Qashqadaryoda musiqa maktablarining tarkibida baxshilar sinfining ochilishining o‘zi baxt.
2019 yilda Termiz shahrida xalqaro festival bo‘ldi, 73 mamlakatdan xorijiy mehmonlar taklif etildi. Baxshilarimizning ichki ovozda kuylashi, ularning badiha yo‘li bilan dostonlar ijro etishi xorijliklarni hayratga soldi. Mana shu festivaldan keyin baxshi deganini butun jahon bildi. U kim ekanligini tushunib yetdi. To‘nimizga sig‘may ketdik. Mana shu festivalda men Alpomish dostonidan Oybarchinni o‘zining yurti, yori, eliga bo‘lgan sadoqatini tarannum etdim. Bizni olqishlab turishdi. Qayta-qayta sahnaga taklif qilishdi. Baxshichilik o‘lmaydigan san’at ekanini, uni tarkibida odob-axloq, izzat-ikrom, vatanparvarlik g‘oyalari borligini, bu kerak bo‘lsa, boshqa millat vakillariga ham ta’sir etganini ko‘rdim. Ularda ham baxshi bor ekan. Lekin ular bizday badiha yo‘li bilan kuylamas ekan.
Yurtni kuylash, elimiz bahodirlarini kuylash baxshilarning eng ezgu niyatlaridan biri bo‘ladi. Mardlik, vafodorlik, sadoqat, mehr-muhabbat dostonlarda kuylanadi. Ayniqsa, yoshlarimizga ko‘proq ta’sir qiladi. Yoshlarimiz Alpomishga, Go‘ro‘g‘liga o‘xshagisi keladi. Insonni mardlikka yetaklaydigan ulug‘ san’at bu.
Tog‘li elning to‘yi, tadbirlari Qahhor baxshisiz o‘tmaydi. Dostonu termalarni qo‘yib bersa, tonggacha kuylaydigan baxshi san’atiga bo‘lgan havasmandlardan, muxlislari ko‘pligidan ko‘ngli g‘ururga to‘ladi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining milliy qadriyatlarimiz, o‘lmas merosimiz, milliy san’atimizni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori baxshining ko‘nglini tog‘day baland qiladi. Shu bois yanada jo‘shib kuylaydi.
Asli kasbi ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi bo‘lgan Qahhor baxshi Rahimov uzoq yillardan buyon tumandagi 30-maktabda yoshlarga ta’lim-tarbiya berish barobarida ularning yuksak ma’naviyatli bo‘lib ulg‘ayishi uchun bor mahoratini ishga solmoqda. Ona tilimizning bebaholigi, ulug‘ mutafakkirlar hayoti, o‘lmas merosi, ma’naviy boyliklarimiz misolida vatanparvarlik, ona yurtga sadoqatni yoshlar qalbiga singdirishga harakat qiladi. Maktabda baxshilar to‘garagi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. To‘garak a’zolari esa yuz nafardan oshiq. Shogirdlaridan 2 nafari O‘zbekiston xalq baxshisi yuksak unvoniga sazovor bo‘lgan.
– Qarang, oddiygina yog‘och, – deydi baxshi. – Bundan chiqayotgan navo, nola, shodlik taronalari qalbni junbushga keltiradi. Mana shu do‘mbirani qo‘limga olib, yurtim, elim xizmatini qildim. Vatanimning tadbirlarida kuyladim, katta-katta sahnalarga chiqdim,o‘nga yaqin doston kitoblar, terma kitoblarim nashr etildi. Tumanimiz eng chekka hududda joylashgan tog‘li tuman. Bu yerlarga kelib ketishning o‘zi og‘ir edi bir zamonlar. Bugun qishloqlar shaharga aylanmoqda. Buni ko‘rib quvonaman, kuylagim keladi. Dehqonobodni oralab turib, hay-haylab poyezd o‘tib ketsa deng, odam juralmaydigan joylardan, ot juralmaydigan joylardan qichqirib shovqin solib o‘ynoqlab o‘tib ketyapti. Ana endi zavodni qarang. Dehqonobod yuragi desak bo‘ladi-da. 2,5 ming odam ishli bo‘ldi. Ularning 3-4 tadan bolasi bor. 20 ming odam rizq yeyapti shu yerdan. Ana shunday zamonda yonib kuylash kerak. Qarsillab, charsillab kuylash kerak! Taftingiz butun davraga yetib turishi kerak! G‘ururlanib, faxrlanib, iftixor qilib, yurtimni, elimni kuylayman! Hayyaraaa...
Baxshining tashabbusi, qiziquvchi yoshlarninng istaklari asosida tuman markazida joylashgan 5-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida baxshichilik yo‘nalishi ochildi. Qahhor baxshi boshchiligidagi O‘zbekiston xalq baxshilari maktabga kelib, ushbu san’at turining sir-sinoatlarini o‘rgatadi. Baxshichilikda tinglovchilarni rom etuvchi ohang topa bilish mahorati shakllantiriladi.
Baxshining maktabi ham ustozi ham xalq. U qanchalik ko‘p tinglovchisini topsa, yurt tinch va farovon bo‘lsa, shuncha to‘lib-toshib kuylayveradi.
bugungi kunga kelib, Dehqonobodda Qahhor baxshi Rahimov, G‘uzorda Chorshanbe baxshi Mahmadaliyev rahbarligida baxshilar maktablari faoliyat yuritmoqda. Baxshilar yig‘ilgan davrada esa gurunglar ham o‘zgacha bo‘ladi. Qahhor baxshining esa o‘z ijro uslubi bor. U kuylagan dostonlar badiiy mukammaligi va jozibadorligi bilan alohida ajralib turadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA