Qadring baland bo‘lsin, ona tilim
Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida viloyat miqyosida amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyatning barcha tuman va shahar hokimlarining maslahatchilari hamda tilshunos olimlar, ijodkorlar ishtirok etdi.
Anjuman ishtirokchilari dastlab tumandagi “Qusam ota” qadamjosiga tashrif buyurib, ziyoratgohning toponomik tarixi haqidagi ma’lumotlar bilan qiziqdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar “Abdulla Oripov” nomidagi kutubxona, “Yoshlar” xiyoboni hamda tumandagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Tadbir davomida Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimizda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilar faoliyatida erishilgan yutuqlar va xato-kamchiliklar muhokama qilindi.
– Til buyuk ne’matdir, har bir millat o‘z tilini e’zozlasa, qadrlasa, taraqqiyoti uchun jon kuydirsa, u til go‘zal, betakror va buyuk bo‘lib qolaveradi, – dedi Koson tuman hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi M.Hayitova. – Ayniqsa yoshlarimiz qalbida ushbu tuyg‘uni kuchaytirish nihoyatda ahamiyatli. Shu maqsadda tumanimiz yoshlari o‘rtasida “Ona tilimizga hurmat – insoniy burch” mavzusida 3 bosqichli insholar tanlovini o‘tkazildi. G‘oliblar, ijodkor yoshlar tuman hokimi tomonidan kompyuter jamlanmasi, planshet hamda kitoblar bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, ayni paytda “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” mavzusida yoshlarimiz o‘rtasida onlayn insholar tanlovini e’lon qilganmiz. Ushbu tanlov g‘oliblari 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni taqdirlanadi.
Seminar doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari doktori Boynazar Yo‘ldoshevning “Qashqadaryo adiblari” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA