Qadimiy karvon yo‘lidagi zamonaviy manzil
Navoiy viloyati hokimligi, Turizm boshqarmasi va “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi hamkorligida OAV vakillari va taniqli blogerlar uchun Karmana tumanida joylashgan “Malik karvon family park” majmuasi hamda Raboti Malik karvonsaroyini qamrab olgan infotur tashkil etildi.
Dastlab ishtirokchilar qadimiy Raboti Malik majmuasida bo‘lishdi. Bu yerda ularga tarixchi olim Jasur Savriyev obidaning tarixi, olib borilgan qazishma ishlari va bugungi holati haqida ma’lumot berdi.
Raboti Malik (Shoh Raboti) karvonsaroyi Karmana - Buxoro yo‘lida joylashgan tarixiy obidalardan biri. U XI asrning 70-yillarida Qoraxoniylardan bo‘lmish Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim tomonidan qurilgan. XII asrning birinchi choragida Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon tomonidan ta’mirlangan. Arxeologik tadqiqotlar paytida bu noyob binoning murakkab tuzilishi aniqlandi. U 100×100 metr, ya’ni qariyb 1 gektar maydonni egallagan bo‘lib, mustahkam devorlar bilan o‘ralgan va ikki qismga bo‘lingan.
Raboti Malik peshtoqidan bir oz narida suv manbai – diametri 13 metrcha keladigan gumbaz ostida karvonsaroyga zamondosh bo‘lgan Sardoba joylashgan. Sardoba hovuzining aylana devori yerdan 12 metr chuqurlikka qadar pishiq g‘ishtdan qurilgan. Sardoba karvonsaroy kabi yolg‘iz yo‘lovchilar uchun ham, butun boshli karvonlar uchun ham qo‘nalg‘a hisoblangan.
Infotur ishtirokchilari “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi tomonidan “Karmana tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida buta mevasi (golubika) yetishtirish” loyihasi bilan tanishdi. Loyihaning umumiy qiymati 800 ming AQSH dollarini tashkil etib, korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirish maqsadida Turkiya davlatidan 15 ming dona golubika ko‘chatlari olib kelindi va yaqinda birinchi hosil yig‘ishtirib olindi. Eng muhimi, yangi ish o‘rinlariga korxona joylashgan “Sardoba” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi band bo‘lmagan aholi vakillari ishga qabul qilingan.
Bugun tarixiy an’analar zamonaviy turizm, servis va tadbirkorlik bilan uyg‘unlashmoqda. Qadimiy Raboti Malik karvonsaroyi va Sardoba yaqinida barpo etilayotgan “Malik karvon family park” majmuasi ham ana shu g‘oyaning zamonaviy ifodasidir.
– Loyiha oddiy dam olish maskani emas, balki agroturizm, ekoturizm, gastronomiya, oilaviy hordiq va zamonaviy servisni bir nuqtada jamlaydigan yirik majmua sifatida shakllanmoqda, - deydi majmua direktori Shohrux G‘aniyev. – Loyihaning o‘ziga xos jihatlaridan biri uning agroturizm bilan uyg‘unlashganidir. Katta hududda zamonaviy Gollandiya texnologiyalari asosida gidroponika usulida ishlaydigan issiqxonalar barpo etilgan. Bu yerda yetishtirilayotgan mahsulotlarning bir qismi eksportga yo‘naltirilmoqda. Loyiha doirasida ekologik toza dam olish hududlari, zamonaviy avtomatlashtirilgan bolalar o‘yingohlari, madaniy va ko‘ngilochar maskanlar, oilaviy hordiq chiqarish infratuzilmasi hamda turistik xizmatlar tizimi yaratilmoqda. Ayniqsa, mazkur majmua tarkibida barpo etilayotgan zamonaviy “Eko bog‘” loyihasi o‘zining noyob konsepsiyasi bilan ajralib turadi. Ushbu maskanda banan, ananas, apelsin va mandarin kabi tropik o‘simliklar yetishtirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, zamonaviy brendlarning tezkor ovqatlanish maskanlari, kinoteatr, bolalar maydonchalari va turli ko‘ngilochar hududlar tashkil etiladi.
[gallery-31580]
“Malik Karvon”ning eng muhim xususiyatlaridan biri uning geografik joylashuvidir. Majmua Samarqand va Buxoro o‘rtasidagi yo‘nalishda, Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy nuqtalariga yaqin hududda joylashgan. Bu esa uni ichki va xorijiy sayyohlar uchun qulay to‘xtash manziliga aylantirish imkonini beradi.
Info tur doirasida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari