Qadim an’analarga ega G‘urumsaroy kulolchiligi
Kulolchilik – xalq amaliy san’ati durdonalaridan bo‘lib, uning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Mamlakatimizda kulolchilikning har bir hududga xos maktabi shakllangan. Qadim an’analarga ega G‘urumsaroy kulolchiligi maktabi bugun qayta jonlangan.
“Ko‘za”, “Xum”, “Barkash”, “Qo‘shquloq”, “Nimcharx”, “Piyola”, “Qaymoqdon”, “Burama kosa”, “Shokosa”, “Damtovoq” kabi uy-ro‘zg‘or hamda yodgorlik buyumlarida qo‘llanilgan naqshlar qadimiy milliy uslubda yaratilgan G‘urumsaroy kulolchiligi namunalaridir.
G‘urumsaroy kulolchiligi san’atining o‘ziga xos bo‘lgan barcha uslublari hozirda usta kulollar tomonidan keng qo‘llaniladi. Ushbu maktabda asosan tabiiy xomashyo va ranglardan foydalanilgan holda ish bajariladi. Buyumlarga naqsh berishda asosan gullar va geometrik shakllar ishlatiladi. Xususan, idishlar naqshida gullarning “Chorbarg”, “Gajjaklar”, “Tuya ko‘z”, “Bodomcha”, “Larzana”, “Ilon yo‘li” kabi namunalari ko‘p uchraydi.
Mahalliy usta Vahobjon Buvayev G‘urumsaroy kulolchilik an’analarini davom ettirishga munosib hissa qo‘shayotgan hunarmandlardan. Usta kulolchilikka qiziqqan yoshlarni atrofida birlashtirib, ularga ushbu maktab sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatib kelmoqda.
[gallery-300]
Hotam MAMADALIEV(surat), O‘zA