“Qachongacha xorijga borib ishlaymiz?”
Aksariyat yoshlarimiz munosib ish topish, kasb-hunar o‘rganishda muammolarga duch kelmoqda.
Ba’zilarining mutaxassislik bo‘yicha diplomi bo‘lsa-da, malaka yetishmaydi.
“Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshlarni biriktirish tashabbusi ham muhim ahamiyatga ega. Bu bilan esa joylarda kamida 500 ming nafar yosh ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Xo‘sh, “Yoshlar: 1+1” deya nom olgan dasturning ahamiyati, dolzarbligi nimada? Avvalo, dastur doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni maxsus kurslarda kasb-hunar va tadbirkorlikka, biznes yuritish bo‘yicha o‘qitiladi. Ma’lum bilim-ko‘nikmalarga ega bo‘lgach, tadbirkorlarga yoki hunarmandlarga biriktiriladi. Maqsad: tanlangan faoliyat bo‘yicha ish o‘rganish, tajriba to‘plash va o‘z g‘oyasini amalda qo‘llay olish. Ya’ni tavakkalchilikdan voz kechgan holda, ishsiz yosh, birinchidan, o‘qib-o‘rganadi, soha sirlarini egallaydi, ikkinchidan, o‘z biznesi yoki ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yadi, buning uchun bankdan olingan kreditni qaytarish yo‘llarini ham o‘zlashtiradi. Ko‘ribsizki, bir muddat avval ishsiz, kasb-hunarsiz yurgan yigit-qizlar yangi yo‘nalishdagi tadbirkor yoxud hunarmand sifatida bo‘y ko‘rsatadi.
Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Jarayonda hokimliklar va mas’ul tashkilot, boshqarmalar – Yoshlar ishlari agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasining joylardagi mutasaddilari jonbozlik ko‘rsatishi talab etiladi. Agar bu tizimning “qayeridir ishlamay” qolsa, biror nuqtada muammo yuz bersa, ko‘zlangan natijaga erishilmaydi. Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
– Tumanimizda 40 mingga yaqin xonadon bor. O‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, 6 mingdan ortiq ishsiz yoshlar, 400 ga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtojlar, mingdan ziyod imtiyozli kredit olib tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlar borligi aniqlandi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Beshariq tuman bo‘limi boshlig‘i Barkamol Abdusaidov. – Birinchi bosqichda kasb-hunarga o‘qitish monomarkazida 25 nafar ana shunday yoshlar tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, tikuvchilik, qandolatchilik, quyonchilik, ishlab chiqarish kabi sohalarda qisqa muddatli o‘quv kurslarida o‘qitildi, ularga yaqin kunlarda sertifikatlar topshiriladi.
Endi bo‘lg‘usi yosh tadbirkorlar misolida galdagi vazifalar yechimini kutmoqda: ularni hududdagi namunali tadbirkor yo hunarmandga biriktirish, so‘ng alohida tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish, “Mikrokreditbank”dan imtiyozli kreditlar ajratish, faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yaqindan ko‘maklashish lozim.
– Monomarkazda tahsil olib, adashmabman. Tadbirkorlik deymizu, sohaga oid ko‘p narsalarni bilmas ekanmiz, yo‘l-yo‘riqlar o‘rgandik, – deydi “Vatan” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Navro‘zbek Xolmuhammedov. – O‘zim duradgorlikdan xabardorman. Kengroq faoliyat boshlashim uchun endi biznes-loyiha ham, aniq rejalarim ham bor. Kelgusida yonimga shogirdlar olib, eshik-rom tayyorlaydigan ustaxona tashkil etmoqchiman. Shu bilan birga, chevarchilik, trikotaj sexi ochish niyatim ham bor. Kredit olsam, 9-10 kishini doimiy ish bilan ta’minlayman.
Yana, Prezidentimiz tashabbusi ezgu maqsadli ekanligi, tengqurlari, do‘stlarini ham qisqa kurslarda o‘qishga qiziqtirgani to‘g‘risida to‘lib-toshib so‘zlab berdi ko‘zlari yongancha Navro‘zbek. “Albatta, ishonchni oqlaymiz! Qachongacha xorijga borib ishlaymiz?” – suhbatimiz nihoyasida jarangladi bu gap.
“Yoshlar: 1+1” dasturi istiqbolda qanday natijalar berishi muayyan vaqt talab qiladi. Chunki bu ezgu tashabbus bo‘yicha qilinajak ishlar hali ko‘p. To‘g‘risi, keng qamrovli tizimning “murvatlari” to‘liq ishga tushganicha yo‘q. Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha tezkor va aniq chora-tadbirlar ko‘rish, xususan, “Usta-shogird” an’anasi asosida ish olib borish, har bir tuman-shaharlarda yoshlar sanoat zonalari tashkil etib, bir qancha qulayliklarga ega (elektr, gaz, suv) hududda imtiyozli soliqlar asosida o‘z faoliyatini olib borishlariga imkon yaratishdek vazifalar ko‘ndalang turibdi.
M. SULAYMONOV, O‘zA