QABUL-2019: ijodiy imtihonlar qanday oʻtmoqda?
Shu kunlarda yurtimizdagi bir qator oliy oʻquv yurtlarida boʻlgani kabi Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ham abituriyentlar 2019-2020 oʻquv yili uchun ijodiy imtihonlarni topshirmoqda.
Shu kunlarda yurtimizdagi bir qator oliy oʻquv yurtlarida boʻlgani kabi Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ham abituriyentlar 2019-2020 oʻquv yili uchun ijodiy imtihonlarni topshirmoqda.
Oʻtgan yildan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining ayrim yoʻnalishlari uchun qabul jarayonida test shaklidan butunlay voz kechildi. Jumladan, sport faoliyati hamda maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishida kirish imtihonlari maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha boʻlib oʻtmoqda. Universitetning Suv sporti va eshkak eshish turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasida ham bu jarayon faol tarzda olib borilayotir.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, suv sporti va eshkak eshish turlari yozgi Olimpiya oʻyinlarida yengil atletikadan keyin eng koʻp medallar oʻynaladigan yoʻnalish hisoblanadi. Shu bois soʻnggi yillarda mamlakatimizda mazkur yoʻnalishlarni yanada keng ommalashtirish va sohaga malakali mutaxassislarni jalb etishga alohida eʼtibor qaratilayotir. Ularni esa Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tarbiyalab beradi. Oʻz navbatida kafedra oʻqituvchi-murabbiylari imtihonlar jarayonida eng kuchli va munosib nomzodlarni talabalikka qabul qilishga harakat qilishmoqda.
- Joriy yilgi qabul jarayonida eshkak eshish turlari yoʻnalishiga 45ta nomzod hujjat topshirdi, - dedi universitetning Suv sporti va eshkak eshish turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri Xayrulla Matnazarov. – Shulardan toʻrttasi imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilinishdi. Ular nafaqat respublikamiz, balki xalqaro maydonlarda yuksak natijalar qayd etayotgan sportchilardir. Ijodiy imtihonlarni uchta bosqichda oʻtkazamiz. Ilk bosqichda abituriyentlar suvda eshkak eshish borasida oʻz mahoratlarini namoyish etishdi. Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilinganlardan tashqari qolgan nomzodlar orasida ham anchagina mahoratli sportchilar borligi koʻzga tashlandi. Ikkinchi bosqichda umumiy jismoniy tayyorgarlik, nihoyat uchinchi bosqichda suzish boʻyicha imtihonlar boʻladi. Maʼlumki, suv sporti va eshkak eshish turlari Olimpiya oʻyinlarida eng koʻp medal oʻynaladigan yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Quvonarlisi, yildan yilga mazkur yoʻnalishga hujjat topshirayotgan abituriyentlarning saviyasi ortib bormoqda. Bu esa sohaga eng munosib nomzodlarni saralab olish imkonini beradi. Hozir universitetimizda eshkak eshish turlari boʻyicha 2018-yilgi Osiyo oʻyinlari gʻolibi Shahboz Xolmirzayev, shuningdek Osiyo oʻyinlari sovrindorlari Sardor Toʻlqinxoʻjayev, Nilufar Zokirova, Dilnoza Rahmatova kabi oʻnga yaqin Oʻzbekiston terma jamoasiga aʼzo sportchilar tahsil olishmoqda. Oʻylaymanki, joriy yilgi imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, talaba degan nomga sazovor boʻladigan yurtdoshlarimiz orasidan ham ana shunday chempionlar yetishib chiqadi.
Xoʻsh, ijodiy imtihonlar xolislik va shaffoflik mezonlari asosida oʻtmoqdami? Ota-onalar va abituriyentlar tomonidan imtihon jarayonlarining borishiga nisbatan hech qanday eʼtiroz boʻlmayaptimi? Ushbu holatni nazorat qilish maqsadida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Mahmudjon Boltaboyev shaxsan imtihonlar boʻlayotgan har bir maskanga borib, abituriyentlar va ularning ota-onalari bilan uchrashdi hamda ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
- Biz Sirdaryo viloyati Shirin shahridan keldik, - dedi biz bilan suhbat chogʻida Ozoda Egamberdiyeva. – Oʻgʻlim Shahzodjon Dilshodov eshkak eshish yoʻnalishiga hujjat topshirdi. Ushbu sport turi bilan besh yildan beri shugʻullanib keladi. Shahzodjon bir qator musobaqalar sovrindori boʻlgan. Bizning Shirin shahrida ham eshkak eshish sport turiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning samarasi oʻlaroq shahrimizdan aka-uka Shahboz va Abbos Abdujabborov, Ruslan Navruzaliyev, Luiza Islomova kabi chempionlar yetishib chiqishgan. Umid qilamanki, oʻgʻlim ham ular safidan joy oladi. Imtihonlarga kelsak, hammasi haqqoniy va adolatli oʻtmoqda. Istagim, munosiblar talabalik baxtiga musharraf boʻlsin.