Putin va Baydenning onlayn sammiti haqida ma’lumot berildi
Rossiya va AQSH prezidentlari Vladimir Putin va Jo Baydenning videomuloqoti 7 dekabr, seshanba kuni Moskva vaqti bilan soat 18:00 ga belgilandi. Ushbu muloqot matbuot uchun yopiq tartibda o‘tkaziladi.
Rossiya davlati rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq jurnalistlarga Putin va Baydenning bo‘lajak onlayn sammiti to‘liq translyatsiya qilinmasligini, uchrashuvdan dastlabki kadrlar, so‘ngra yetakchilar muloqotini ko‘rsatish rejalashtirilayotganini aytgan edi.
Rossiya yetakchisining yordamchisi Yuriy Ushakov o‘tgan hafta Putin va Bayden keng ko‘lamli mavzular, jumladan, Ukrainaning ichki inqirozi, Afg‘oniston, Eron, Liviya va Suriyadagi vaziyatni muhokama qilishi mumkinligini taxmin qilgandi. Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov sammitning ehtimoliy oqibat haqida gapirarkan, Rossiya va AQSH prezidentlari o‘rtasidagi suhbat Yevropadagi “vaziyatni tinchlantirishga” yordam berishini ta’kidladi.
Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki, o‘z navbatida, Bayden Putin bilan muzokarada asosiy e’tiborni Ukraina mavzusiga qaratish niyatida ekanini bildirdi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar rahbari Vashingtonning Moskva bilan barqaror munosabatiga moyil.
Putin va Baydenning avvalgi sammiti iyun oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan. Prezidentlar o‘shanda bevosita uchrashgan.