Prokuror bozorlardagi narx-navolarni o‘rgandi
Namangan shahar prokurori, adliya maslahatchisi, shahar ikkinchi sektori rahbari Xurshid Odilov Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan muhim topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat markazida joylashgan bozorlar va savdo markazlaridagi asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narx-navolari bilan tanishdi.
Mutasaddi tashkilotlar mas’ullaridan iborat Ishchi guruh bilan birgalikda Mustaqilligimizning 31 yilligi bayrami arafasida “Chorsu” dehqon va “Sardoba” bozorlarida tashkil etilgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari faoliyati o‘rganildi.

Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi va bozorlarda narx-navo oshib ketmasligining oldini olish maqsadida 30 nafarga yaqin tadbirkor bilan suhbatlashib, narxlarni sun’iy oshirmaslikka, bozorda aholi uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, ayni kezda Namangan viloyatidagi aholi eng ko‘p to‘planadigan bozorlarda 1 kilagramm mol go‘shti 61 000 so‘m, qo‘y go‘shti 75 000 so‘m, tovuq go‘shti 21 000 so‘m, piyoz 3 900 so‘m, sabzi 2 500 so‘m, kartoshka 3 500 so‘m, 1 dona tuxum 900 so‘m, 1 litr paxta yog‘i 17 000 so‘m, kungaboqar yog‘i 21 000 so‘mdan sotilmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, bu avgust oyi boshiga nisbatan barqaror holatdir.

Namangan shahar prokuraturasi tomonidan hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, narx-navolar barqarorligi borasidagi bu kabi nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA