Profilaktik tibbiyot va ilg‘or innovatsion texnologiyalar
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklar, Andijon viloyati hokimligi hamda Andijon davlat tibbiyot instituti hamkorligida Andijon davlat tibbiyot institutida “Profilaktik tibbiyotda ilg‘or innovatsion texnologiyalarni qo‘llash” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, tibbiyot tizimda faoliyat olib borayotgan ilmiy markazlar mutaxassislari, yurtimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, xorijlik olimlar, yosh shifokor, tadqiqotchi va iqtidorli talabalar ishtirok etdi.
Anjumanni institut rektori, professor Madaminjon Madazimov ochib, bugungi kunda profilaktik tibbiyotning ahamiyati tobora ortib borayotganligi, ayniqsa, innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali aholi salomatligini mustahkamlash imkoniyatlari kengayayotganligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Andijon viloyati hokimining tabrigi o‘qib eshittirildi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov onlayn tarzda ishtirokchilarga o‘z tabrigini yo‘llab, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Anjumanning plenar yig‘ilishi doirasida Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor Madaminjon Madazimovga Dog‘iston davlat tibbiyot universitetining “Faxriy professori” unvoni topshirildi.
– Anjuman soha mutaxassislarining bilim va malakalarini oshirish, o‘zaro tajriba almashishlariga imkoniyat yaratib berdi, – deydi professor Madaminjon Madazimov. – Ayniqsa, tibbiyotimiz ilmiy-amaliy salohiyatini, olimlarimizning xorijlik mutaxassislar bilan hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilishi esa yanada ahamiyatlidir.
Anjuman nafaqat ilmiy tajriba almashish, balki innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etishning yangi yo‘llarini belgilab beruvchi muhim platformaga aylanganligi qayd etildi. Profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash orqali kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman o‘z ishini seksiyalar doirasida davom ettirdi. Yurak-qon tomir kasalliklari, jarrohlik, onalik va bolalik yo‘nalishidagi seksiyalarda mavzu doirasida ma’ruzalar o‘qildi.
Olimlar, mutaxassislar, tomonidan profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash borasida olib borilayotgan ishlar, mavjud muammolar, ularning yechimlari, bu boradagi xalqaro tajribalar, xastaliklarni erta aniqlash va davolash samaradorligini oshirish masalalari muhokama etildi.
Anjumanda mamlakatimiz olimlari bilan bir qatorda Rossiya, Turkiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi 40 dan ortiq mamlakatning olim va mutaxassislari onlayn va oflayn tarzda ishtirok etib, o‘zlarining tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Keyingi yillarda O‘zbekistonda profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda, – deydi Rossiya Federatsiyasi Kuban davlat tibbiyot universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, professor Artyom Bajenov. – Xususan, yurak-qon tomir kasalliklari, jarrohlik, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar e’tiborga molik.
[gallery-29153]
Har jihatdan samarali va foydali o‘tgan mazkur anjuman profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirishga, mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashish, bilim va malakalarini yuksaltirishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.