Professional ta’limga bo‘lgan e’tibor yuqori
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, YUNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi va Yevropa Ittifoqi tashabbusi bilan 15 mart kuni “Professional ta’lim ko‘nikmalarini rivojlantirish strategiyasi va sifatni ta’minlash asoslari” mavzusida seminar tashkil etildi.
Mazkur anjuman YeI tomonidan moliyalashtirilgan – “O‘zbekistonning qishloq joylarida ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish” grant loyihasi doirasida o‘tkazildi. Unda 21 ta vazirlik va idoralar mas’ullari, tegishli tarmoq kengashlari kotiblari, xalqaro ekspertlar hamda loyihani amalga oshirish guruhi ishtirok etdi.
Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yilda kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilish maqsadida professional ta’lim dasturlari YUNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) darajalari bilan uyg‘unlashgan professional ta’lim tizimi tashkil etildi.
Ushbu tizimda hozirgi kunda iqtisodiyot tarmoqlari talablari va mehnat bozori ehtiyojlari asosida 400 ming nafardan ortiq o‘quvchilar tahsil olmoqda. Ular orasida xotin-qizlar va ishsizlar toifasiga kiruvchi shaxslar ham kasb-hunarga jalb qilinmoqda.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i O‘tkir Alijonov seminarda nutq so‘zlarkan, u YUNESKO va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan birgalikda O‘zbekistonda milliy malaka tizimi joriy qilinayotgani, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Loyiha haqida ma’lumot bersak, “O‘zbekistonning qishloq joylarida ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish” grant loyihasi 2020 yilda ishga tushirilgan. YeI 2020-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm, Buxoro hamda Surxondaryo viloyatlarida mazkur harakatni amalga oshirish maqsadida 9,6 million yevro mablag‘ ajratgan.
Bundan maqsad – barqaror, diversifikatsiyalangan va modernizatsiya qilingan qishloq xo‘jaligida yuqori mahsuldorlikka erishish uchun tegishli ko‘nikmalarga ega bo‘lish va bu orqali qishloq hududlarida istiqomat qilayotgan fuqarolar turmush darajasini yaxshilash.
Seminarda zaruriy malaka va kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish uchun xalqaro ekspertlar bilan birgalikda professional ta’lim tizimini rivojlantirishda strategiyalar ishlab chiqish, bu borada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi.
– Mazkur loyiha O‘zbekistonda professional ta’lim strategiyasining rivojlanishiga, qishloq joylarda iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni yengillashtirishga xizmat qilishiga ishonaman, – dedi YUNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Aleksandros Makarigakis. – YUNESKO, BMTning ta’lim sohasidagi vakolatli agentligi sifatida sohadagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Seminarda, shuningdek, milliy professional ta’lim ko‘nikmalarini rivojlantirish strategiyasi va sifatni ta’minlash ramkasi loyihalari bo‘yicha taqdimotlar qilindi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri