Professional ta’lim tizimi xodimlari sharaflandi
Marg‘ilon shahar 2-son kasb-hunar maktabida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unga viloyatdagi barcha professional ta’lim muassasalari – kasb-hunar maktablari, texnikum va kollejlar rahbarlari, fidoyi o‘qituvchilar, kasb ta’limi ustalari taklif etildi.
Tadbirni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining maslahatchisi Shuhrat Ataxanov ochib berdi va vazirning soha xodimlariga tabrigini o‘qib eshittirdi.


Farg‘ona viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Ziyodbek Yunusov so‘zga chiqib barcha o‘qituvchi-murabbiylarni bayram bilan tabrikladi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralayotgani, yosh avlodning hayotda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri buyrug‘iga asosan O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘rta maxsus va professional ta’lim sohasida fidokorona faoliyat yuritib, yoshlarning sifatli ta’lim olishi va kasb-hunar egallashidagi samarali mehnati, tizim rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan viloyatdagi bir guruh soha fidoyilarini ushbu e’tirof bilan qutladi. Taqdirlanganlarga ko‘krak nishonlari tantanali topshirildi.


Bir piyola choy ustida samimiy suhbatlar bo‘lib o‘tdi, to‘kin dasturxonga milliy palov tortildi.
– Mamlakat xalq xo‘jaligi uchun zarur malakali kadrlarni tezkor yetkazib berishda professional va kasb-hunar ta’limi sohasining o‘rni beqiyos. Ishlab chiqarish korxonalari kuchli raqobat asosida faoliyat olib borayotgan hozirgi zamonda esa bunday mutaxassislarga ehtiyoj kun sayin oshmoqda. Mehnat bozorida raqobatbardosh, har jihatdan yetuk kasb egalarini yetishtirayotganimizdan, shu orqali yurtimiz taraqqiyotiga kamtarona hissa qo‘shayotganimizdan mamnunmiz, – deydi So‘x kasb-hunar maktabi o‘qituvchisi, “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi Umarali Eranov. – Keyingi yillarda o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘si tobora yuksalib, ta’lim jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy qilish ommalashib bormoqda. Bu albatta ta’lim sifatiga katta ijobiy ta’sir qiladi. Bugungi bayram bilan barcha ustozlarni tabriklayman.


Tadbirda sohada ko‘p yillar mehnat qilgan faxriy ustozlarga ehtirom ko‘rsatilib, sovg‘alar taqdim qilindi. Faoliyatida o‘rnak ko‘rsatgan o‘qituvchilar vazirlikning “Faxriy yorliq”lari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiri diltortar kuy-qo‘shiqlar, sho‘x raqslar bilan yanada fayzli bo‘ldi.


M.Sulaymonov, O‘zA