Professional boks federatsiyasida navbatdan tashqari konferensiya o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
“Olimpiya shaharchasi”dagi Sport vazirligi binosi majlislar zalida O‘zbekiston professional boks federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, federatsiya rahbariyati, konferensiya delegatlari, soha mutaxassislari, sport jamoatchiligi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyani sport vaziri A. Ikromov ochib, mamlakatimizda professional boksni yanada rivojlantirish, xalqaro maydonda raqobatbardoshlikni oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida federatsiyaning 2025–2026-yillardagi faoliyati yuzasidan hisobot eshitildi. Shuningdek, federatsiya rahbariyati tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish, jumladan, federatsiya raisini qayta saylash hamda Ijroiya qo‘mitasi tarkibini yangilash masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda federatsiya raisligiga Umid Yoqubov saylandi.
Ta’kidlanganidek, professional bokschilarimizdan Isroil Madrimov birinchi o‘rta vazn toifasida WBA va WBO yo‘nalishlarida kuchli beshlikdan joy olgan. Shuningdek, Murodjon Ahmadaliyev, Shahram G‘iyosov, Bahodir Jalolov, Lazizbek Mullajonov, Nurislom Ismoilov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Hasanboy Do‘smatov va Otabek Xolmatov kabi bokschilar ham jahon reytinglarida yuqori pog‘onalarni egallab kelayotgani qayd etildi.
[gallery-30254]
Federatsiya tomonidan ushbu davr mobaynida tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda mamlakatimizda 39 ta yirik professional boks kechasi tashkil etilgani, ayollar boksini rivojlantirish borasida ham izchil ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA