PROF-BOKS: Abduraimov va Jalolovdan nokautli g‘alabalar
Kecha Meksikada navbatdagi prof-boks musobaqasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonlik boks ishqibozlari uchun ahamiyatli jihati unda Elnur Abduraimov va Bahodir Jalolovlarning chiqishlari edi.
Har ikkala bokschimiz muvaffaqiyatli yurishlarini davom ettirishdi.
Elnur meksikalik Abraham Olivaga qarshi ringga ko‘tarildi. Jang muddatidan oldin yakunlandi. Hamyurtimiz raqibini bir necha bor nokdaun holatiga keltirdi. Oxir-oqibat chap qo‘lidagi kuchli zarba evaziga raqibini yerga qulatdi. Mazkur nokautli g‘alaba yurtdoshimiz uchun professional faoliyatidagi oltinchi g‘alaba edi. Eng muhimi, barcha oltita g‘alaba ham nokaut bilan tugagan. Uning raqibi Oliva esa faoliyatidagi beshinchi jangida ilk bor mag‘lubiyatga uchradi.
Bahodir Jalolov esa yettinchi jangini ham muvaffaqiyat bilan tugatdi va u ham barcha janglarda faqat nokautli holatni yuzaga keltirmoqda. Hamyurtimiz bu gal jangda Vilfredo Lillni birinchi raunddayoq nokautga uchratdi.
Xabaringiz bor, Jalolov 2021 yil iyul oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Tokio Olimpiadasida oltin medalga asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib turibdi.
Kaliforniyaning Indio shahrida o‘z mashg‘ulotlarini olib borayotgan Jalolov, jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli yurishidan so‘ng, Lina Lyuy u bilan edvayzorlik bo‘yicha ishlab kelmoqda. Hozirda Jalolov aka-uka Diaslar qo‘l ostida mashg‘ulot olib bormoqda.