Prezidentimiz yangi Zamonaviy san’at markaziga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yangi Zamonaviy san’at markaziga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Zamonaviy san’at markazi – O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining yetakchi loyihalaridan biri. Uning barpo etilishi davlatimiz rahbarining tashabbusi, mamlakatimizda madaniyatni rivojlantirish, ijodiy muhitni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro madaniy hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir.
Davlatimiz rahbari xalqimizning boy madaniy merosi va shonli tarixi butun dunyoda haqli ravishda katta qiziqish uyg‘otishini qayd etdi. So‘nggi yillarda yurtimizda ushbu bebaho boylikni tiklash, asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.


Shu bilan birga, Prezidentimiz zamonaviy san’atni ham izchil rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Zamonaviy san’at bugungi avlodning dunyoqarashi, ijodiy izlanishlari va bunyodkorlik salohiyatini namoyon etib, jahon hamjamiyati bilan madaniy muloqotni kengaytirish, Yangi O‘zbekistonning madaniy qiyofasini yanada mustahkamlash uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.
Shu nuqtai nazardan, yangi Zamonaviy san’at markazi ijodkorlar, kuratorlar, tadqiqotchilar va yoshlar uchun ochiq maydonga, mamlakatimiz va xorijdagi zamonaviy san’at ustalarini o‘ziga jalb etadigan maskanga aylanishi lozim. Bu yerda O‘zbekistonning bugungi madaniy salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etadigan yangi g‘oyalar, professional aloqalar va loyihalar shakllanishi muhim.
Ushbu markaz O‘zbekistonda zamonaviy san’atga ixtisoslashgan birinchi davlat muassasasidir. Shu bilan birga, u Markaziy Osiyoda ko‘rgazma, ta’lim, tadqiqot va ma’rifiy faoliyatni birlashtirgan bunday ko‘lamdagi ilk madaniy majmua hisoblanadi.


Yangi markaz 1912-yilda me’mor Vilgelm Geynselman loyihasi asosida barpo etilgan tarixiy binoda joylashgan. Dastlab bu yerda tramvay deposi bo‘lgan, keyinchalik binodan dizel elektr stansiyasi sifatida foydalanilgan.
Binoni restavratsiya qilish bo‘yicha me’moriy konsepsiya Fransiyaning “Studio KO” byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Yangilash jarayonida ob’ektning tarixiy qiyofasi va sanoat me’morchiligiga xos xususiyatlari saqlab qolindi. Ayni paytda bino zamonaviy madaniy maskan talablariga moslashtirildi.
Prezidentimiz ko‘rgazma va ta’lim maydonlari, jamoat hududlarini ko‘zdan kechirdi. Majmuada uchrashuvlar va ommaviy dasturlar uchun maydonlar, konsept-do‘kon hamda restoran tashkil etilgan. Keng jamoatchilik uchun ochiq ixtisoslashtirilgan kutubxona va tadqiqot arxivida san’at, vizual madaniyat va tanqidiy nazariyaga oid adabiyotlar hamda materiallar jamlangan.


Markazda ko‘rgazmalar, leksiyalar, ochiq suhbat va muhokamalar, film namoyishlari, konsertlar, performanslar, ijodiy ustaxonalar va art-rezidensiya dasturlari tashkil etiladi. Ushbu dasturlar mahalliy ijodkorlar, kuratorlar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, yangi kasbiy amaliyotlarni joriy etish hamda keng jamoatchilikning zamonaviy san’atdan bahramand bo‘lishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan.
Markazning doimiy faoliyat yuritadigan ijodiy va kasbiy muhitga aylanishi alohida ahamiyatga ega. Bu yerda yosh ijodkorlar o‘z loyihalarini taqdim etadi, tadqiqotchilar manbalar va arxiv materiallari bilan ishlaydi, keng jamoatchilik esa ta’lim dasturlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va ijodiy hamjamiyat bilan bevosita muloqot orqali zamonaviy san’at bilan yaqindan tanishadi.
Bunday infratuzilma mamlakatimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, gumanitar ta’lim sifatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan madaniyat sohasidagi davlat siyosati vazifalariga to‘la mos keladi.


Majmua o‘z faoliyatini Hikmah (“Hikmat”) nomli ilk xalqaro ko‘rgazma bilan boshlaydi. Ko‘rgazma bilim, ma’naviy meros va madaniy xotira mavzulariga, shuningdek, tarixiy an’analar bilan zamonaviy san’at o‘rtasidagi bog‘liqlikka bag‘ishlangan.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan taniqli rassomlarning 11 ta asari, jumladan, loyiha uchun maxsus yaratilgan ishlar o‘rin oladi. O‘zbekistonda ilk bor Nyu-Yorkdagi Solomon R. Guggenxaym muzeyi to‘plamidagi installyatsiya namoyish etilishi alohida e’tiborga molik.
Markaz xorijdagi yetakchi madaniy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. AQSHdagi Guggenxaym muzeyi va Osiyo san’ati milliy muzeyi, Buyuk Britaniyaning “Tate” va “Delfina Foundation” tashkilotlari, Fransiyaning Pompidu markazi hamda Koreya San’at kengashi shular jumlasidan.


Davlatimiz rahbariga markazning kelgusidagi ko‘rgazma, ta’lim va tadqiqot dasturlari haqida ma’lumot berildi. Yangi maskan professional muhitni rivojlantirish, o‘zbekistonlik ijodkorlarini xalqaro maydonda keng tanitish va yurtimizning xorijiy davlatlar bilan madaniy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Prezidentimiz markazni ijodkor yoshlar, professional hamjamiyat va keng jamoatchilik uchun ochiq, jonli ijodiy makonga aylantirish zarurligini ta’kidladi. Xalqaro aloqalarni kengaytirish, yurtimizga zamonaviy san’atning taniqli namoyandalarini jalb etish hamda mahalliy ijodkorlarning yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Loyiha madaniy diplomatiyani mustahkamlash, poytaxtning zamonaviy qiyofasini shakllantirish hamda Yangi O‘zbekistonni boy merosga ega, shu bilan birga, zamonaviy g‘oyalar, ijodiy izlanishlar va xalqaro muloqotga ochiq mamlakat sifatida yanada keng namoyon etishga xizmat qiladi.








Markazning rasmiy ochilishi 6-sentabrga rejalashtirilgan.