Prezident qarori ijrosi amalda
Ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar o‘quvchi yoshlarning sifatli ta’lim olishiga xizmat qilmoqda. Hududlarda yangidan qurilayotgan zamonaviy maktab va bog‘chalar buning yaqqol isbotidir. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo‘lmoqda.

Mazkur qaror ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyatida ham ko‘plab ijtimoiy soha ob’ektlari yangidan qurilmoqda, kerakli jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Jumladan, qaror ijrosi bo‘yicha Shahrisabz shahri, 4-sektor hududida joylashgan Katta novqat mahallasidagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 720 o‘rinli qo‘shimcha binosi qurib foydalanishga topshirildi.

Muassasada bugungi kunda 1 ming 281 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olardi. O‘quvchilar sonining ko‘pligi sababli yuqori koeffitsiyentda faoliyat yuritayotgan edi. Qo‘shimcha o‘quv binosining qurib berilgani o‘quvchilar uchun ayni muddao bo‘ldi. 4 qavatli, tender qiymati 5 milliard 526 million so‘mni tashkil etgan ushbu ta’lim maskani barcha zamonaviy qulayliklarga ega.

Ob’ektning tantanali ochilishida faxriy pedagoglar, mahalla nuroniylari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri