Prezident qaror va topshiriqlari ijroda va nazoratda
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan ilk bor fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda hamda davlat idoralari va tashkilotlari bilan hamkorlikda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarining ijrosi holati bo‘yicha jamoatchilik monitoringi va eshituvi tashkil etildi.
– Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Prezidentimizning hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va ta’minlash ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashish, amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish hamda ijro nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha fuqarolik jamiyati instituti vakillarining fikr-mulohazalarini tinglashdan iborat, – deydi Buxoro viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sherzod Bahronov. – Mazkur jamoatchilik monitoringida Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi hamda unda belgilangan investitsiya loyihalarining bajarilishi holati muhokama qilindi.
Jumladan, manzilli ro‘yxatda belgilangan investitsiya loyihalaridan biri “G‘ayrat Chodak” MCHJda jinsi shim ishlab chiqarishni tashkil etish investitsiya loyihasining 2-bosqichi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.
– Ushbu investitsiya loyihasi amalga oshirilishi natijasida eksport hajmi 30 foiz (16 million AQSH dollar), ichki bozordagi hajmi 70 foiz (36 million dollar)ga yetkazilgan, 450 nafar ishsiz fuqarolar ish bilan ta’minlangan, – deydi Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Mirzo Rahmatov.
[gallery-9773]
– Mamlakat aholisi turmush darajasi va islohotlarning natijadorligi bevosita islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan hujjatlar va topshiriqlarni ijro etish bo‘yicha intizomning qat’iyligi va samaradorligiga bog‘liq, – deydi Buxoro viloyati adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Sohib Baqoyev. – Shu sababli ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida aynan mazkur yo‘nalishda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Shu munosabat bilan qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan Prezidentimizning 2021 yil 10 fevraldagi PF–6166-sonli farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjatga asosan adliya organlariga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan. Amalga oshirilgan o‘rganishlar va mahalliy hokimliklar tomonidan topshiriqlar ijrosini tashkil etish va ta’minlash holati bo‘yicha aholini xabardor qilish va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Buxoro viloyati adliya boshqarmasi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Jamoatchilik eshituvi davomida Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qarori ijrosini ta’minlashga va investitsiya loyihalari amalga oshirilishiga mas’ul bo‘lgan davlat idoralari mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob berildi.
Tadbir so‘ngida ko‘rilayotgan barcha chora-tadbirlardan ko‘zlangan pirovard maqsad eng avvalo xalqimiz turmush sharoitini yaxshilash ekanligi, buning uchun qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali ta’minlash, davlat idoralari va jamoatchilik vakillarining ijro nazorati sohasida o‘zaro hamkorligini kuchaytirish va jamoatchilik monitoringi kabi institutlardan keng foydalanish lozimligi ta’kidlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA