Prezident olimpiadasi: Medallar sonida Qashqadaryo, sifatida Xorazm viloyati yetakchi
Bugun, 31-oktabr kuni “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining sport kurashlari, gandbol, sohil voleyboli bahslariga start berilsa, og‘ir atletika va qilichbozlik sport turlarida so‘nggi kungi bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlari markazi hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport majmualarida o‘tayotgan “Prezident olimpiadasi”ning ortda qolgan to‘rtinchi kungi natijalaridan so‘ng Xorazm viloyati yosh sportchilari umumjamoa hisobida hamon yetakchilik qilmoqda.

Bugun davom etayotgan beshinchi kungi musobaqalar ostonasida 90 ta medallar jamlanmasi, ya’ni 306 ta sovrin o‘z egalariga topshirildi.
Hozirgacha Xorazm viloyati vakillari 15 ta oltin, 8 ta kumush va 12 ta bronza medali bilan peshqadamlikni saqlab turibdi. Keyingi pog‘onalarni band etgan Qashqadaryo viloyati vakillarida 12 ta oltin, 16 ta kumush va 16 ta bronza, Samarqand viloyati jamoasida 11 ta oltin, 10 ta kumush va 7 ta bronza medali mavjud.

“Prezident olimpiadasi”ning ortda qolgan to‘rtinchi kunida dzyudo, voleybol va stol tennisi musobaqalari poyoniga yetdi.
Dzyudo bellashuvlarining aralash jamoaviy bahslarida Samarqand, Buxoro, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyati yoshlari yetakchilikni qo‘lga kiritdi.

Voleybol musobaqalarining o‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasida Andijon, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyati kuchli uchlikni band etgan bo‘lsa, qizlar jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlar yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Keyingi o‘rinlar Samarqand va Xorazm jamoalariga tegishli bo‘ldi.
“Prezident olimpiadasi” musobaqalari 8-noyabrga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA