Prezident olimpiadasi: final bosqichiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi
Sport vazirligida “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining respublika final bosqichiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari hamda hududiy jamoalar uchun ishlab chiqilgan sport ekipirovkalari namunalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish davomida musobaqaning final bosqichini yuqori saviyada tashkil etish, ishtirokchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, sport inshootlarini tayyorlash hamda tashkiliy masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, hududiy jamoalar uchun mo‘ljallangan sport ekipirovkalari namunalarining taqdimoti o‘tkazilib, ularning sifati va dizayni muhokama qilindi.

Muhokamalar yakunida mas’ullarga tayyorgarlik jarayonlarini jadallashtirish, barcha tashkiliy ishlarni belgilangan muddatlarda yakunlash, musobaqalarni boshqarib boradigan hakamlar, texnik mutaxassislarning ish tizimi hamda musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazishni ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Aytish lozimki, bu yilgi “Prezident olimpiadasi” musobaqalari 13-14 yoshli sportchilar o‘rtasida 21 ta olimpiya va 5 ta paralimpiya sport turi bo‘yicha 10-18 yoshli para sportchilar o‘rtasida tashkil etilishi belgilangan.
Yangi O‘zbekistonning professional sportdagi yangi g‘alabalarini ta’minlashga qaratilgan mazkur sport o‘yinlarining birinchi va ikkinchi bosqich musobaqalari joylarda uyushqoqlik bilan tashkil etilgani e’tirof etildi.

Joriy yilning mart-aprel oylarida respublikamizdagi mavjud 208 ta tuman va shaharlarda o‘tgan ilk bosqich bahslarida 330 mingga yaqin yosh sportchilarning ishtiroki ta’minlanib, sovrinli o‘rinlarni egallagan 30 ming nafardan ziyod olovqalb yoshlar may-iyun oylaridagi 2-bosqichda o‘z mahoratini namoyish etdi.
Yig‘ilish yakunida “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining final bosqichini har jihatdan uyushqoqlik bilan tashkil etishda daxldor tashkilotlar bilan hamjihatlikda ishlash bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA