Prezident nutqidan yuraklar alanga oldi
Xalqimiz orziqib kutgan bayram – istiqlol tantanalari bu gal yurtimizda o‘zgacha, yangicha ruhda nishonlandi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi qalbimizning tub-tubigacha kirib borib, yuragimizda turgan so‘zlar, istaklar, ahdlar, burchlaru, maqsadlarimizni alangalatib yubordi. Mustaqillik bayrami ramziy ma’noda yangicha nishonlanayotgani "Yangi O‘zbekiston" bog‘ida bo‘lib o‘tayotganidan bir nishona bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari o‘z xalqi, millati bilan yuzma-yuz turib, ochiqlik va oshkoralik bilan o‘tgan davr, bosib o‘tgan yo‘limiz, erishgan natijalarimiz xususida so‘zlar ekan, turli sohalarda amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi reja va maqsadlarimizda inson manfaatlari, uning qadr-qimmati, farovon hayoti ko‘zlanganligi barchani to‘lqinlantirdi.
Ba’zan nazdimizda hayot shiddat bilan o‘tayotgandek, taraqqiyot o‘zi odimlayotgandek, atrofimizdagi o‘zgarishlar va yangilanishlar go‘yo fasllar almashinuvi kabi o‘zi sodir bo‘layotgandek tuyuladi. Lekin o‘tmishga teran nigoh tashlab, kecha va bugunni xolis qiyos etib, hayot charxpalagini tinchlik bilan aylantirayotgan mexanizm to‘g‘risida o‘ylab ko‘rganmisiz?
"Toqqa chiqmasang, do‘lona qayda" – deydi samimiyat zamirida halol mashaqqatni zikr etgan dono xalqimiz. Darhaqiqat, ne-ne baland tog‘laru, qorong‘u dovonlarni bosib o‘tishimizga to‘g‘ri keldi. Aziz va muqaddas sanaga yorug‘ yuz bilan, yorug‘ istiqbol bilan, yorqin natijalar bilan yetib kelmoq oson bo‘lgani yo‘q. Elimiz erki, millatning izzat-hurmati, or-nomusi, g‘ururi uchun bosh ko‘targan istiqlol kurashchilari, farzandlarimizni ma’rifatli qilish istagida yongan jadidchilarimiz, xalqni mustamlaka zulmidan xalos etmoqni burchi deb bilgan sheryurak bahodirlarimiz shu osuda kunlarni qanchalik orzulagan edi.
Prezidentimiz tomonidan qayd etilgandek, biz bugun xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan yangi mamlakatni, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etar ekanmiz, siyosiy-huquqiy poydevori mustaham bo‘lgan jamiyatni shakllantirish, inson huquqlari va uning qonuniy manfaatlarini eng oliy darajaga ko‘tarish, so‘z va vijdon erkinligini ta’minlash sari ildam bormoqdamiz. Albatta, amaliy harakatlarimizning samarasi ham bugun jahonga bo‘y ko‘rsatdi. Bu borada inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyaning qabul qilinishi, biz uchun og‘riqli masala bo‘lib kelgan – majburiy va bolalar mehnatining tugatilishi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqarolik masalasi bo‘yicha chaqirig‘iga javoban, o‘tgan yillar mobaynida 50 mingdan ortiq yurtdoshlarimizga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berilishi chinakam tarixiy voqelik bo‘ldi.
Shu o‘rinda birgina oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan olamshumul islohotlarni e’tirof etmoq joiz.
Davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzalarida bir tarixiy haqiqatni aytib, ta’lim o‘zgarsa inson o‘zgarishi, inson o‘zgarsa – butun jamiyat o‘zgarishini ta’kidlab o‘tdi. Ushbu haqiqatning jonli aksi bugun yoshlarimiz hayotida, intilishida, erishayotgan yutuqlarida ochiq va oydin ko‘rinmoqda. Yaqin 5 yil ichida 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilgani, hozirda ularning soni 141 taga yetkazilgani, mislsiz darajadagi o‘sish bo‘lgan – qabul kvotasini 3 barobar oshirilgani bu – Prezident yoshlarni mamlakat taraqqiyoti modeliga aylantirayotgani, har qadamda ularni qo‘llab-quvvatlayotganining yorqin isbotidir.
Shu bilan birga, joriy yil 13 iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni yoshlarga oid davlat siyosatining yangi, muhim bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatdi. Tarixiy hujjatning har bir bandida O‘zbekiston yoshlarining mehnat faoliyati, ta’lim olish jarayoni, oila va jamiyatdagi maqsadlarini amalga oshirilishiga ko‘mak berilishi, yosh avlod manfaatlarining chuqur himoyasi o‘z ifodasini topadi.
O‘zbekistonda yoshlarni bilimli va malakali qilib tarbiyalash, jahon standartlariga mos keluvchi ilg‘or kadrlar etib yetishtirish uchun puxta o‘ylangan, uzoq muddatli izchil tizim amalga oshirilib, yosh avlodga katta imkoniyatlar berilmoqda. Yangi o‘quv yilidan 22-28 foizli 3 yillik ta’lim krediti 14 foizga tushirilib, 7 yilga beriladigan bo‘ldi. Kreditni qoplashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar esa soliqdan ozod qilinadi. Quvonarlisi, dunyo miqyosida TOP-1000 talikka kirgan oliy ta’lim muassasalarini bitirgan va chetda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lash tizimi joriy etiladi.
Yurtboshimizning e’tibori va rag‘batidan kuch olgan, yangi tashabbus va maqsadlar sari qadam qo‘yayotgan yosh avlod endilikda yurtimiz istiqboli, yorug‘ kelajagimiz bunyodkori, degan e’tirofga yarasha intilishi, izlanishi darkor. Qolaversa, dunyo miqyosida raqobat keskin tus olayotgan davr faqat zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlar bilan qurollanish lozimligini ko‘rsatadi. Bu borada yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, ona Vatanga, Istiqlol g‘oyalariga sadoqati, milliy qadriyatlarga ehtiromi, buyuk ajdodlarga munosib vorislik e’tiqodi bizni Yangi O‘zbekiston istiqboliga yetaklaydi, albatta.
Munosabatim xulosasi sifatida aytishim zarurki, bugun shu yurtda yashayotgan har bir fuqaro "Yangi O‘zbekiston"ga munosib bo‘lmoqliq uchun shunchaki yashamasligi, mehnat qilganda ham shunchaki ishlamasligi, uning borligi, mavjudligi, urayotgan yuragining cho‘g‘i, tafti Vatanga sezilib turishi shart.
Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, dotsent