Prezident Murojaatnomasi ijrosi mahallalarda
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan “Murojaatnoma – mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash va ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, iqtisodiyot sohasi mutaxassislari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mahallalar uyushmasi, nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Xususan, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi mutaxassislari Botir Meyliyev, Rustam Berdiyev, Qarshi tumani jamiyati raisi Baxtiyor Begaliyev hamda Qarshi shahar jamiyati mutaxassisi Sardor Samandarovlar fikr-mulohazalarini bildirdi.

Muhokamalarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar, ayniqsa, mahallalarni kompleks rivojlantirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Asosiy e’tibor mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash, yo‘l-transport tarmoqlari, ichimlik suvi va elektr ta’minotini rivojlantirish, ta’lim muassasalari hamda oilaviy poliklinikalar faoliyatini takomillashtirish, aholi uchun qulay va munosib yashash muhitini yaratishga qaratildi.

Shu bilan birga, mahallalarni rivojlantirish faqatgina qurilish ishlari bilan cheklanib qolmasdan, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ichki iqtisodiy salohiyatni ishga solish orqali barqaror ijtimoiy-iqtisodiy muhitni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.

Davra suhbati yakunida mahalla infratuzilmasini kompleks rivojlantirishga qaratilgan qator amaliy takliflar bildirilib, Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni hududlarda izchil va samarali amalga oshirish muhim ekani qayd etildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri