Prezident maktabida xalqaro Digital SAT imtihoni o‘tkazildi
Toshkent shahridagi Prezident maktabida o‘quvchilarning akademik tayyorgarligini xalqaro mezonlar asosida baholash imkonini beruvchi navbatdagi Digital SAT imtihoni o‘tkazildi.
Mazkur xalqaro imtihon raqamli formatda tashkil etilib, unda ishtirok etuvchilarning matematika hamda o‘qish va yozish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari baholanadi.
SAT — o‘quvchilarning akademik salohiyatini baholashga qaratilgan xalqaro standartlashtirilgan test bo‘lib, uning natijalari 400 balldan 1600 ballgacha bo‘lgan shkala asosida belgilanadi. Imtihon 1926-yildan buyon o‘tkazib kelinadi.
Bugungi kunda SAT natijalari dunyodagi ko‘plab nufuzli oliy ta’lim muassasalari tomonidan tan olinadi. Shu bois mazkur imtihon natijasi xorijiy universitetlarga o‘qishga hujjat topshirishni rejalashtirayotgan o‘quvchilar uchun muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Xususan, yuqori SAT natijasi abituriyentning akademik tayyorgarligini namoyon etish bilan birga, ayrim universitetlarning qabul jarayonlarida va grant hamda stipendiya dasturlariga nomzodlarni saralashda qo‘shimcha imkoniyat yaratishi mumkin.
Digital SAT formati esa imtihon jarayonini zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida tashkil etish imkonini beradi. Bu o‘quvchilarga xalqaro standartlarga mos sharoitda o‘z bilim va salohiyatini sinab ko‘rish imkonini yaratadi.
Prezident maktablarida xalqaro baholash tizimlariga tayyorgarlik va o‘quvchilarning xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan ishlar ta’lim jarayonining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Navbatdagi Digital SAT imtihonining Toshkent shahridagi Prezident maktabida o‘tkazilgani ham o‘quvchilarning xalqaro ta’lim maydonida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiluvchi amaliy qadamlardan biridir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA