“Prezident kubogi” g‘oliblari aniqlandi
Namangan keyingi yillarda ko‘plab yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilmoqda. Jumladan, futbol bo‘yicha Osiyo kubogi saralash bosqichi, taekvondo WT bo‘yicha xalqaro ochiq turnir, velotrek bo‘yicha “Ipak yo‘li” xalqaro turniri, belbog‘lik kurash bo‘yicha jahon chempionati musobaqalarining o‘tkazilishida Namangan yetakchilik qilmoqda.
Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida sportning qo‘l jangi bo‘yicha professionallar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun navbatdagi xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. Nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimida viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-mayor, O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi raisi Rustam Jo‘rayev, Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi prezidenti Sergey Astaxov ishtirok etdi.

2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Prezident kubogi” xalqaro turnirida har yili jahon chempionlari, o‘z qit’asi va davlatida tengsiz deb topilgan mahoratli sportchilar ishtirok etmoqda. Musobaqalarda Markaziy Osiyo, MDH hamda Yevropa mamlakatlaridan kelgan mohir qo‘l jangi ustalari ham o‘zaro kuch sinashdi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 36 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi xalqaro turnirning dastlabki jangida jahon chempionati sovrindori, xalqaro turnirlar g‘olibi, jizzaxlik Husniddin Sattorov va Tojikiston Respublikasi vakili, jahon kubogi sovrindori Osimbek Mo‘minbekov ringga ko‘tarildi. Qiziqarli kechgan bahsda birinchi raundning o‘zida raqibini kurashdan chiqarib yuborgan sportchimiz terma jamoa g‘alabasini boshlab berdi.

“Prezident kubogi”ning ayollar ishtirokidagi bahsida jahon va O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi, toshkentlik Guljahon Normatova va Qozog‘istonlik nomdor raqibasi, jahon vitse-chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi Kimbat Ahmetga qarshi munosib kurash olib borib, ishonchli zafarga erishdi.
Quvonarlisi shundaki, 53 kilogrammdan 80 kilogrammgacha bo‘lgan oltita vazn toifasida bo‘lib o‘tgan janglarning barchasida yetakchilikni qo‘ldan bermagan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yakunda yirik – 6:0 hisobida ustun keldi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogining g‘oliblari va barcha ishtirokchilari turnir tashkilotchilari tomonidan diplom, qimmatbaho sovrinlar, pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA