Prezident e’tiboridan masrur ko‘ngillar
Prezidentimizning Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov yurtimizdagi ehtiyojmand oilalar vakillarini davlatimizning bevosita ko‘magida Umra ziyoratiga yuborishda amaliy yordam berishlarini so‘ragan edi. Prezident bu iltimosni qo‘llab-quvvatlashi samarasida ko‘plab yurtdoshimiz Umra ziyoratida bo‘lib qaytmoqda.
Farg‘ona viloyatida ham muqaddas ziyoratga borishni niyat qilib, imkonini topolmay turgan ko‘plab ehtiyojmand yurtdoshlarimizning orzusi ro‘yobga chiqdi. O‘zbekiston tumanidan ham 6 nafar hamyurtimizga bu baxt nasib etdi. Tuman hokimi Sherzodjon Yuldashev tuman bosh imom-xatibi Adhamjon Yuldashev, mahalla faollari va boshqa mas’ullar hamrohligida ana shu ziyoratchilardan biri, Tuyul mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Moriyaxon Mo‘minovani yo‘qladi.

– Mahalla mas’ullaridan kutilmaganda bunday xushxabarni eshitib, ochig‘i shoshib qoldim, sevinch va kuchli hayajondan yig‘lab yubordim. Chunki eng oliy orzularimdan biri ulug‘ ziyoratni ado etish bo‘lsa-da, bunga sharoit va tayyorgarligim yetmas edi, – deydi 66 yoshli onaxon. – Ming shukr, Allohim shu kunlarga yetkazdi. Davlatimiz rahbarining ko‘magi bilan Ka’batullohni tavof qildik. Vatanimiz tinchligi abadiy bo‘lishini, el-yurtim omonligini so‘rab duo qildim. Bizlarga shunday kunlarni ato etgan Yaratganga hamdlar aytdik.

M.Sulaymonov, O‘zA