Prekursorlarning muomalasiga oid qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida prekursorlarning muomalasiga oid qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik belgilashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda giyohvandlik va uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biroq yashirin narkolaboratoriyalarda sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlashda prekursorlardan foydalanish holatlari ortib borayotgani mazkur sohada huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirishni talab etmoqda.
Amaldagi qonunchilikda prekursorlarning muomalasiga oid qoidalarni buzganlik uchun alohida javobgarlik nazarda tutilmagani ayrim huquqbuzarliklarning huquqiy bahosiz qolishiga sabab bo‘lmoqda. Qonun loyihasi aynan ushbu bo‘shliqni bartaraf etishga qaratilgan.
Mazkur loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga prekursorlarning muomalasiga oid qoidalarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilovchi yangi norma kiritilmoqda. Shuningdek, mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilganda Jinoyat kodeksida jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga ushbu toifadagi ishlarning tegishliligi va ularni ko‘rib chiqish vakolatlarini aniq belgilashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi prekursorlarning noqonuniy muomalasining oldini olish, sintetik giyohvandlik vositalari ishlab chiqarilishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa yoshlarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda mamlakatda narkotik vositalar va ularning prekursorlarining qonunga xilof aylanmasiga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
N.Nasriyev,
O‘zA