Poytaxtning uch jamoasi zafar quchdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Super ligasi 11-turida “Qo‘qon –1912” va “Neftchi” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Super ligasi 11-turida “Qo‘qon –1912” va “Neftchi” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi.Turning“Metallurg” hamda “AGMK” uchrashuvida kutilmagan natija qayd etildi. Keskin va murosasiz o‘tgan uchrashuvning 85-daqiqasida Vladimir Bubanya raqib darvozasini aniq nishonga oldi va “AGMK”ning 0:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
“Lokomotiv” o‘z maydonida “Buxoro” klubini qabul qilib 3:1 hisobida g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Jizzaxda o‘tgan “So‘g‘diyona” va “Bunyodkor” uchrashuvi 1:2 hisobida yakunlandi.
11-turning markaziy uchrashuvi Qarshida “Nasaf” hamda “Paxtakor” jamoalari o‘rtasida o‘tdi. O‘yinning ikkinchi daqiqasida Jaloliddin Masharipov hisobni ochgan bo‘lsa, oradan ikki daqiqa o‘tib, G‘olib G‘aybullayev hisobni tenglashtirdi – 1:1. 38-daqiqada Bobur Abdixoliqov birga-bir vaziyatdan unumli foydalanib “Paxtakor” darvozabonini dog‘da qoldirdi. Birinchi bo‘limning 41-daqiqasida poytaxt jamoasi hujumchisi Ismoil Gonsalvesh raqib darvozasini aniq nishonga oldi. Jamoalar birinchi bo‘limni – 2:2 hisobida yakunladi.
Ikkinchi taymda har ikkala jamoa a’zolari hujumkor o‘yin ko‘rsatdi. Teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinning 84-daqiqasida uchrashuv bosh hakami Ravshan Ermatov “Nasaf” darvozasi tomon penalti belgiladi. Bu vaziyatdan Ismoil Gonsalvesh unumli foydalanib, o‘yindagi ikkinchi goliga mualliflik qildi.
Shu tariqa “Paxtakor” jamoasi safarda 2:3 hisobida g‘alaba qozonib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
“Navbahor” o‘z maydonida “Qizilqum” darvozasiga javobsiz uchta gol urdi. Mazkur gollarga Sardor Sulaymonov, Azizbek Turg‘unboyev va Dilshod Jabborov mualliflik qildi.