Poytaxtimizda kanatli jamoat transporti yo‘lga qo‘yiladi
Mamlakatimizda transport vositalari harakatiga qulay sharoit yaratish hamda fuqarolarning turli manzillarga oson yetib borishi yo‘lida imkoniyatlar yaratib kelinmoqda.
Xitoyning Shenchjen shahrida Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umrzoqov boshchiligidagi delegatsiya «Beijing North Bartholet Ropeway Technology Co., Ltd» kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi, deya xabar beradi Toshkent shahar hokimligi xabarida. Kompaniyaning MDH davlatlari bilan ishlash bo‘yicha direktori Bey Kyu mamlakatimiz vakillarini samimiy qarshi olib, qo‘shma korxonaning Shveysariya sifatining fundamental tamoyillari asosida shahar mobilligini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha olib borayotgan ishlari haqida gapirdi.
Sh.Umrzoqov Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik loyihalar, jumladan, «yashil» jamoat transportini rivojlantirish dasturlari haqida gapirdi. Hamkorlikning bir nechta variantlari, shaharda taklif etilayotgan transport turlari va yo‘nalishlari ko‘rib chiqish uchun taklif etildi.

Bey Kyu hamkorlikdan manfaatdor ekanligini va Toshkent tomonining ushbu yo‘nalishdagi barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha «Toshkent invest kompaniyasi» AJ va «Beijing North Bartholet Ropeway Technology Co., Ltd» o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolandi. Loyiha yer usti transportini kanatli taksilar bilan dublyor takrorlashga qaratilgan bo‘lib, jamoatchilikka oldindan taqdim etilishi rejalashtirilgan, ularning tavsiyalari va takliflari «Beijing North Bartholet Ropeway Technology Co., Ltd.» loyiha ofisiga yuboriladi, deyiladi hokimlik ma’lumotida.Kompaniya, o‘z navbatida, uning xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilishini va operatsion boshqaruvini ta’minlaydi.

«Beijing North Bartholet Ropeway Technology Co., Ltd» Xitoy va Shveysariyaning «Bartholet Maschinenbau AG» kompaniyasi o‘rtasidagi qo‘shma korxona bo‘lib, kanat yo‘llari, istirohat bog‘lari, mashinasozlik va yoritish uskunalari sohasida jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi.
A.Rustamov, O‘zA