Poytaxtimizda dunyo qilichbozlari jam bo‘ldi
Toshkent shahridagi “Paxtakor” va “Yoshlik” zallarida qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon kubogi bosqichi bahslar boshlandi.
Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 16 ta davlatidan 200 nafarga yaqin mohir qilichbozlar ishtirok etmoqda. Jahon kubogida terma jamoamiz safida Zuhriddin Qodirov, Musa Aymuratov, Islombek Abdazov, Alpamis Urakbayev, Fernanda Errera, Gulistan Perdibayeva, Samira Shokirova, Ayakoz Jumamuratova, Nargiza Jaksibayeva kabi iqtidorli sportchilardan iborat 40 nafar sportchi ishtirok etmoqda.
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, sablyachilarimiz jahon kubogiga Yorqin Yo‘ldoshev, Daurbek Jiyemuradov, Ruslan Sultonov, Ortiq Bo‘riyev chet ellik murabbiylar Vladimir Nazlimov va Aleksandr Jitetskiy qo‘l ostida tayyorgarlik ko‘rdi.
Jahon kubogining reglamentiga ko‘ra, bugun 15 noyabr kuni qizlar o‘rtasida yakkalik bahslarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi. Shuningdek, 16 noyabr kuni yigitlar orasida yakkalik bellashuvlar bo‘lib o‘tsa, 17 noyabr kuni qizlar va yigitlardan iborat jamoaviy bahslar o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA