Poytaxt yoshlari bilan ochiq muloqot
Zakovat arenada Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi hamkorligida “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida poytaxt yoshlari va soha mutaxassislari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda yoshlarni qiynab kelayotgan muammo va savollar, keng omma muhokamasiga sabab bo‘layotgan mavzular, ularning yechimi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida mutaxassislar tomonidan ma’lumotlar berildi. Yoshlarning taklif hamda mulohazalari tinglandi.

Xususan, “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi”, “Yoshlar radikalizmga qarshi”, “Giyohvandlik – asr vabosi” va “Yoshlar jinoyatchiligi” mavzularida sohaning mutasaddi tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar haqida mutaxassislarning axborotlari tinglandi.

Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida korrupsiyaning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillar, ularni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Yoshlar ongiga umume’tirof etilgan an’analarga butunlay zid bo‘lgan g‘oya va harakatlarni singdirishga qaratilgan har qanday xurujlarga qarshi kurashish hamda bugungi kunda yoshlarga bo‘layotgan tahdidlar haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurash, ularni keltirib chiqaruvchi sabablar, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA