Pomuqliklar sayyor davlat xizmatlaridan mamnun
Qashqadaryo viloyatining qo‘shni Turkmaniston bilan chegaradosh, Qarshi shahridan qariyb 80 kilometr uzoqlikda joylashgan Pomuq shaharchasida “O‘zimiz keldik” loyihasi doirasida aholiga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Mirishkor tuman Davlat xizmatlari markazi va FHDYO bo‘limi xodimlari Pomuq shaharchasida bo‘lib, aholi xonadonlarida sayyor uchrashuvlar o‘tkazdi va davlat xizmatlari bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga yechim topildi. Shaharcha aholisi ular uchun yaratilgan ushbu qulaylikdan mamnun bo‘ldi.
Ahamiyatli tomoni shundaki, olis va chekka hududda sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish orqali bir talay byurakratik va korrupsion holatlarning oldi olindi. Bu yerda uzog‘i yaqin, og‘iri yengil bo‘lgan aholi vakillari viloyat va tuman markaziga borib, ishi bitmaganini, ko‘p mablag‘ sarflaganini aytib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, 18 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Pomuq shaharchasi va yondosh qishloqlarda asosan, turkman millatiga mansub fuqarolar, shuningdek, o‘zbek, tojik, tatar, qirg‘iz, rus va koreys millati vakillari istiqomat qiladi. DXM va FHDYO bo‘limi xodimlari ko‘p millatli shaharchada fuqarolarga davlat xizmatlari, xususan, FHDYO sohasida nikohdan o‘tish, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarni olish tartiblari to‘g‘risida tushunchalar berildi.

Shu kuni 2 nafar bolaga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma, farzandini maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun 10 ta ariza olindi. Fuqaro Niyozjon Niyozov esa o‘z uyida nikoh guvohnomasini sayyor tartibda qabul qilib oldi.
– To‘y tashvishlari bilan ovora bo‘lib, nikoh hujjatimni vaqtida ololmagandim, – deydi Niyozjon Niyozov. – Bugun erta tongdan FHDYO xodimlarining o‘zlari xonadonimga hujjatimni olib keldi. Boshim ko‘kka yetdi. Chunki bu masalaga ancha vaqtdan buyon yechim topishga qiynalib yurgan edim.
Viloyatning shahar va qishloqlarida aholiga sayyor tartibda davlat xizmatlari ko‘rsatish ishlari davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA